Kosta-Rika terma jamoasi bosh murabbiyi Xorxe Luis Pinto FIFA referisi Ravshan Ermatovning jahon chempionatidagi hakamligini tanqid qildi, deya xabar berdi UzDaily.
Uning fikricha, turnir davomida arbitrlar Kosta-Rika foydasiga to‘rt marta penalti belgilamagan. Ular Italiya, Gretsiya bilan bo‘lgan o‘yinlarda, shuningdek, Ravshan Ermatov boshqargan Kosta-Rika — Gollandiya uchrashuvida ham qo‘llanilmagan. “So‘nggi o‘yinda ikki marta 11 metrli jarima belgilanishi kerak edi. Hakamlik yaxshi olib borilmadi”, — dedi Pinto.
Murabbiy uchrashuv davomida boshqa ko‘plab jiddiy xatoliklar bo‘lganini ham aytdi va FIFA buni hal qilishiga umid bildirdi.
Goal.com sayti ta’kidlashicha, Ermatov Kosta-Rikaning ikki futbolchisini o‘yindan chiqarib yuborishi mumkin edi, biroq jamoaga “rahm qildi”. Shunday bo‘lsa-da, Xorxe Luis Pinto bunga to‘xtalmadi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionati musobaqasining chorak finalidan o‘rin olgan Gollandiya hamda Kosta-Rika terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda yevropaliklar penaltilar seriyasida g‘olib bo‘lgan edi. Shu o‘yin Ermatov boshqargan matchlar sonini rekord ko‘rsatkichga yetkazdi.