Toshkentda shaxmat bo‘yicha 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatining rapid – tezkor shaxmat bahslarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shveysarcha tizimda yetti turdan iborat bahsda o‘zbekistonlik shaxmatchilar ikkita oltin va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
O‘n ikki yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida qatnashgan Nodirbek Yoqubboyev tojikistonlik Suhrobjon Avalboyev, hindistonlik Anand Saurabh va Srivatshav Rahul, qirg‘izistonlik Ruslan Sezdbekov, mo‘g‘ulistonlik Otgonbayar Chinguunni mag‘lubiyatga uchratdi. Hindistonlik Aravind Ram va yana bir shaxmatchimiz Muhammadali Abdurahmonov bilan durang o‘ynagan Nodirbek shu tariqa olti ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Hindistonlik Aravind Ram ikkinchi, mo‘g‘ulistonlik Yondonjams Erdemdalay uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Olti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida yosh shaxmatchi Oqjol Rahmatullayev ham olti ochko jamg‘argan holda Osiyo chempioni bo‘ldi. U yetti partiyadan iborat bahsda hindistonlik Ramdas Anant, Ramakrishnan Nikhil, mo‘g‘ulistonlik Batgerel Enkxzorig va Ochir-Erdene Ariunbold hamda jamoadoshi Akobir Saydaliyev ustidan g‘alaba qozondi.
Sakkiz yoshgacha qizlar bahsida qatnashgan Omina Nazarova besh ochko bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)