2014-yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston bojxona xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 1000 dan ziyod qonunbuzarlik holatida qiymati 4,2 milliard so‘mlik kosmetika va parfyumeriya vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
“Keles” temir yo‘l bojxona posti xodimlari tomonidan Moskva—Toshkent yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilaridan biri — fuqaro B. Mavlyanovning qo‘l yuklari nazorat qilinganida, u bojxona bayonnomasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan qiymati 2 million so‘mdan ortiq 200 donadan ziyod parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarini noqonuniy tarzda olib o‘tishga uringani fosh qilindi.Shunga o‘xshash holatda Xarkovdan qaytgan temir yo‘l poyezdi yo‘lovchisi — fuqaro A. Xolmirzayevning qing‘irliklariga nuqta qo‘yildi. Yo‘lovchi qiymati 7,5 million so‘mdan ortiq 200 donadan ziyod parfyumeriya vositalarini yashirin tarzda olib kirishga uringan.
Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxt bojxonachilari va boshqa huquqni muxofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda fuqaro M. Tolipov boshqaruvidagi avtomobil va uning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda xorijda ishlab chiqarilgan jami 147 turdagi kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari noqonuniy ravishda saqlanayotganligi aniqlandi. Yuk egasi M. Tolipov qiymati 30 million so‘mdan ortiq tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatini ko‘rsata olmadi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Izoh (0)