Rossiyada Amerika maxsus xizmatidan yashirinayotgan Edvard Snouden Vashington bilan muzokaralarga kirishmoqchi. Bu bilan u o‘z vataniga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lish niyatida, deya xabar berdi vesti.ru.
Muzokaralar 2013-yil yozidayoq boshlangan, biroq bu haqda endi ma’lum bo‘lgan. Snouden Amerika prokuraturasi bilan unga berilishi mumkin bo‘lgan jazoni yumshatish haqida kelishuvga erishmoqchi. Muzokaralarda Snouden manfaatlarini amerikalik advokat Plato Kacheris himoya qilmoqda, u avvallari sovet va rus informatorlarini himoya qilgan.
Biroq Amerika prokuraturasi hozircha ayblovni yumshatish uchun yetarli asos yo‘qligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, 2013-yilning dekabrida o‘sha vaqtda MXA rahbari bo‘lgan Richard Lejett, agarda Snouden hali e’lon qilib ulgurmagan hujjatlarni fosh etmaslikka kafillik bersa, unga qo‘yilgan ayblovlar yumshatilishini aytgan edi.
MXA xodimlarining o‘zlari ham Snouden aynan qanday hujjatlarni o‘g‘irlaganini aniq bilishmaydi. Maxsus xizmat sobiq xodimining o‘zi esa 1,7 millionta maxfiy hujjatga egaligini ta’kidlagan. Ularning eng muhimlari Snouden vafot etgan taqdirda ovoza qilinadi.
Izoh (0)