Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIII milliy chempionati oliy ligasining oltinchi tur o‘yinlari yakunlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Musobaqa jadvalida birinchi o‘rinni egallab turgan Toshkentning “Paxtakor” jamoasi oltinchi turda ham uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Samarqandda “Dinamo”mehmoni bo‘lgan poytaxtlik futbolchilar 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, ochkolarini 18 taga yetkazib oldi.
Keskin va murosasiz kechgan uchrashuvning dastlabki bo‘limida hisob ochilmadi. 76-daqiqada Igor Sergeyev samarqandliklar darvozasiga gol kiritdi. Oradan 12 daqiqa o‘tib Zayniddin Tojiyev hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada Yegor Krimets “Paxtakor”ga g‘alaba keltirgan golga mualliflik qildi.
Amaldagi chempion – “Bunyodkor” safarda “Buxoro” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. “Lokomotiv” o‘z maydonida “Andijon” darvozasiga javobsiz to‘rtta to‘p kiritdi.
“Navbahor” (Namangan) va “So‘g‘diyona” (Jizzax) o‘rtasidagi bahsda 4:2 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, “Qizilqum” (Navoiy)ni qabul qilgan “Olmaliq” jamoasi 1:0 hisobidagi g‘alabasini nishonladi.
“Nasaf” (Qarshi) va “Metallurg” (Bekobod) hamda “Neftchi”(Farg‘ona) va “Mash’al”(Muborak) uchrashuvlarida hisob ochilmadi.
Izoh (0)