Vashingtondagi Oq uy hududida tulki paydo bo‘ldi. Uni qorovullar, shuningdek, AQSh Maxfiy xizmati agentlari ham tuta olmayapti, deb yozadi “ITAR-TASS”.
Mahalliy OAVning xabar berishicha, tulki Oq uy hududiga kuzda mamlakatda iqtisodiy inqiroz kuzatilgan vaqtda, ko‘pgina davlat xizmatchilari, ularning ichida prezident nazoratchilari ham pul to‘lanmaydigan ta’tilga chiqib ketganida kelib qolgan. Shu paytgacha jonivor Oq uy qo‘riqchilarini ko‘p marta tashvishga solgan. Bir kuni tunda tulki Mishel Obamaning polizini vayron qilgan.
Uni juda kam odam ko‘rgan. Obama yordamchilarining so‘zlariga ko‘ra, tong saharda prezidentning o‘zi kabineti derazasidan tulkining dumini ko‘rib hayron qolgan. Boshqa safar Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Josh Ernest kech bo‘lganda ishdan ketayotib, qorong‘uda bir narsaning harakat qilganiga ko‘zi tushgan. Avvaliga Ernest bu mushuk bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan, ammo keyin uning tulki ekanligini anglagan.
Oq uy hududining maydoni 7,3 gektarni tashkil etadi. Xuddi Vashingtonning boshqa istirohat bog‘laridagi kabi bu yerda olmaxonlardan tashqari, vaqti-vaqti bilan turli xil hayvonlar uchrab turadi.
Bill Klinton rahbarligi paytida esa Oq uy panjaralaridan bir necha bug‘u sakrab o‘tgan. Bu yerda qushlar ham kam emas: vaqti-vaqti bilan g‘ozlar va o‘rdaklar, shuningdek, tongda sayrab Richard Niksonni uyg‘otadigan chug‘urchuqlar ham uchrab turadi. Ularni qo‘rqitish uchun, hattoki, xizmatchilar jo‘natildi. Keyinroq esa buning uchun ovozli signal beruvchi maxsus moslamalar o‘rnatildi.
Izoh (0)