Tojikiston prezidentining qizi Ozoda Rahmonova o‘z familiyasidagi “-ov” ruscha qo‘shimchasini olib tashladi. Bu haqda “Aziya-Plyus” xabar berdi.
Prezidentning qizi ishlaydigan tashqi ishlar vazirligi (vazir o‘rinbosari lavozimida ishlaydi) saytida endi uning ism-sharifi Rahmon Ozoda Emomali shaklida ifodalanmoqda.
Mamlakat prezidentining o‘zi 2007-yilda sharifini “Rahmonov”dan “Rahmon”ga o‘zgartirgan edi. U buni “madaniy merosni qayta tiklash” niyati bilan izohladi. Ba’zi mansabdor shaxslar ham uning izidan borib, “tojikcha” familiyaga o‘tishdi.
Tojikiston bosh prokurori Sherxon Salimzodaning mahalliy matbuotda e’lon qilingan maqolasidan so‘ng Tojikistonda familiyalarni “derusifikatsiya” qilish qaytadan avj oldi. Bosh prokuror o‘z maqolasida milliy ism-sharifga ega bo‘lishni istamayotgan yoshlarni tanqid qilgan.
Bundan ko‘p o‘tmay, hukumatning ba’zi a’zolari o‘z shariflarini o‘zgartirdi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi vaziri Qosim Rohbarovich Qosimov Qosim Rohbarga, sog‘liqni saqlash vaziri Nusratullo Salimov Nusratullo Fayzulloga aylandi.
Izoh (0)