“O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK “Maroqand—Qarshi” temiryo‘lini elektrlashtirish uchun zarur uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 100 million dollarga yaqin bo‘lgan shartnomalarni imzoladi. Gazeta.uz’ning xabariga ko‘ra, barcha shartnomalar “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan 2013-yilda e’lon qilingan tenderlar yakuniga ko‘ra imzolangan.
Xususan, Belam Riga kompaniyasi bilan 53 million dollarlik uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Shartnoma doirasida Latviya kompaniyasi signalizatsiya, markazlashtirish va blok qilish tizimlari, telekommunikatsiya tizimlari va SCADA uskunalarini yetkazib beradi, deb ma’lum qildi “Kun” nashri.
Xitoyning CNTIC (Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorlik korporatsiyasi) esa qiymati 30 million dollarga yaqin bo‘lgan shartnoma doirasida transmator stansiyalari va kontaktli tarmoqlarni yetkazib beradi. Bu CNTIC bilan ushbu loyiha doirasida imzolangan ikkinchi shartnoma bo‘lib, 2013-yil noyabrida qiymati 16,7 million dollarga teng bo‘lgan, depo elektrovozlariga va yangi qurilayotgan tarmoqqa xizmat ko‘rsatuvchi qurilma va mashinalar (60 dona)ni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan edi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” 2012-yil yanvarida uzunligi 140,8 kilometrga teng bo‘lgan “Maroqand—Qarshi” uchastkasini elektrlashtirishni boshlagan edi. To‘rt yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha doirasida yangi “Toshg‘uzor—Boysun—Qumqo‘rg‘on” temiryo‘lida xizmat qiluvchi Qarshi lokomotiv deposini rekonstruksiya qilish ham ko‘zda tutilgan.
Umumiy qiymati 234,7 million dollarga teng bo‘lgan loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning 110,9 million dollar miqdoridagi o‘z mablag‘i, Osiyo Taraqqiyot bankining 100 million dollar miqdoridagi krediti va O‘zbekiston hukumatining bojxona va soliq imtiyozlari ko‘rinishida berilgan 23,8 million dollar miqdoridagi mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.
2012-yil oxirida o‘zbekistonlik temiryo‘lchilar uzunligi 325 kilometr bo‘lgan “Qarshi—Termiz” uchastkasida ham xuddi shunday ishlarni boshlagan edi. Umumiy qiymati 390 million dollarga teng bo‘lgan loyiha infratuzilma va ijtimoiy obyektlarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi va olti yil muddatga mo‘ljallangan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha hozirgi kunda bir qator katta investitsion dasturlar amalga oshirilayotgan O‘zbekiston janubiga tomon yo‘lovchi va yuk tashuvlari hajmini kamida 20 foizga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 2021-yilga qadar umumiy uzunligi ming kilometrdan ortiq bo‘lgan va loyihaviy qiymati 2,8 milliard dollar bo‘lgan to‘rtta uchastkani elektrlashtirishni rejalashtirmoqda. Buning natijasida O‘zbekistondagi temiryo‘l elektrlashtirilishi darajasi salkam uch barobar o‘sadi – hozirgi vaqtda O‘zbekistonda temir yo‘llar uzunligi 4,2 ming kilometrga teng bo‘lib, ulardan 1,7 ming kilometri elektrlashtirilgan.
Izoh (0)