Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida pauerlifting (Paralimpiya og‘ir atletikasi) bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida yana bir o‘zbekistonlik Farhod Umirzoqov (-72 kg) uch urinish yakunlariga ko‘ra 110 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundirib, jahon chempionatining kumush medal va joriy yil Incheon shahrida (Janubiy Koreya) o‘tkaziladigan ParaOsiyo o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Pauerlifting sport turining qoidalari bo‘yicha sportchi uch urinishdan so‘ng to‘rtinchi urinishni ham amalga oshirishi mumkin. Faqat to‘rtinchi urinishda jahon rekordini yangilash talab etiladi. E’tiborlisi, Farhod Umirzoqov ushbu imkoniyatdan foydalanishga ahd qildi va to‘rtinchi urinishda 116 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundirib, jahon rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, dunyoning 60 dan ziyod davlati vakillari ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Iskandar Tursunboyev dastlabki kun bo‘lib o‘tgan musobaqalarda kumush medal hamda ParaOsiyo o‘yinlarining yo‘llanmasiga sazovor bo‘lgan edi.
Shunday qilib, joriy yilning 18—24-oktabr kunlari Incheon shahrida o‘tkaziladigan ParaOsiyo o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilarimiz soni 9 nafarga yetdi.
Izoh (0)