Toshkentda shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati oliy ligasi musobaqalari yakunlandi. Unda mamlakatning eng kuchli 12 shaxmatchisi bellashdi. Musobaqa natijalariga ko‘ra, FIDE ustasi sirdaryolik Sarvinoz Qurbonboyeva O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Bu haqda Uzbekistan Today xabar berdi.
Sarvinoz Qurbonboyeva 11 imkoniyatdan 8 ochko jamg‘ardi. Ikkinchi o‘rinni 7,5 ochko bilan navoiylik Mohinur Qahramonova egalladi. Xuddi shuncha ochko jamg‘argan toshkentlik Nodira Nodirjonova bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda erkaklar va ayollar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati 23-mart kuni start olgan edi. Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan oliy liga musobaqalari 2-aprel kuni yakunlangan bo‘lib, unda FIDE ustasi Ulug‘bek Tillayev birinchi o‘rinni egallagan edi.