AQSh prezidenti Barak Obama tasodifan Koreyaning Samsung smartfoni reklamasi qahramoniga aylandi. Bunga Amerikaning mashhur beysbolchisi, Boston Red Sox jamoasi a’zosi Devid Ortis sababchi bo‘ldi. Bu haqda mail.ru xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, sportchi Oq uydagi tadbirga taklif qilingan. Televizor orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilayotgan marosim chog‘ida u Barak Obamadan birgalikda selfi (o‘z-o‘zini rasmga tushirish) olishni taklif qilgan.
Devid Ortis tomonidan Twitter’ga joylangan ushbu selfini o‘sha zahotiyoq Samsung o‘zining 5 million muxlislariga “retvit” qilgan.Keyinroq ushbu “reklama”ning tasodif bo‘lmagani oydinlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, beysbolchi Oq uyga tashrifidan bir kun avval Samsung bilan bitim tuzib, kompaniyadan Galaxy Note 3 va u orqali selfi olish haqidagi ko‘rsatmalarni qabul qilgan.
Oq uy matbuot kotibi ayni paytda ushbu hodisa ustida surishtiruv olib borilayotganini ma’lum qildi. “Prezident surati reklama maqsadida ishlatilishi taqiqlanadi”, — dedi u.