Nukusda Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zA.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ming 57 sanoat korxonasi, jumladan, 24 yirik korxona, 1 ming 33 kichik tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Uchta korxonada import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirda Qoraqalpog‘istonda zamonaviy changyutgichlar ishlab chiqarilmoqda. 2014-yildan boshlab esa eng so‘nggi rusumdagi televizorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu loyiha “Jayhun elektroniks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotir. 2014-yilda bu yerda 3D formatdagi 300 dona televizor ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
— O‘tgan yili yarmarkada 185 korxona va tashkilot ishtirok etgan hamda 6,9 milliard so‘mlik shartnomalar tuzilgan bo‘lsa, bu yil 215 korxona 1 200 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan qatnashmoqda, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot vazirligi bo‘lim boshlig‘i Tamara Duysenbina. — Shuningdek, yarmarkada boshqa viloyatlardan ham 16 korxona ishtirok etmoqda.
— O‘zimiz ishlab chiqarayotgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, plastik va temir jalyuzalar, trikotaj mahsulotlari, sochiq, choyshab kabi 20 turga yaqin mahsulot bilan qatnashmoqdamiz, — deydi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Dur qushbegi biznes” korxonasi rahbari Xoliyor Xolnazarov. — O‘ylaymanki, yarmarkadan keyin xaridorlarimiz safi yanada kengayadi.
Yarmarkada oziq-ovqat mahsulotlari, to‘quvchilik hamda tikuvchilik mollari, tozalash vositalari, changyutgich, televizor, plastik qoplamalar, quyosh energiyasi uskunalari kabi o‘ttizdan ziyod yangi mahsulotlar namoyish etildi.
Tadbir doirasida kooperatsiya imkoniyatlarini kengroq yoritish maqsadida yetakchi sanoat korxonalari o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar va hamkorlik qilish to‘g‘risidagi takliflar bo‘yicha taqdimotlar ham o‘tkazdi.
Sanoat yarmarkasida 9 milliard 200 million so‘mlikdan ziyod shartnomalar tuzildi.
Izoh (0)