FIFA tashkiloti Kataloniyaning “Barselona” klubiga nisbatan jazo choralarini qo‘lladi. Jamoa 2015-yilning yoziga qadar o‘z futbolchilarini sotish va yangi futbolchilar sotib olish huquqidan mahrum qilindi. Bu haqda FIFA rasmiy saytida ma’lumot chiqarilgan, deb yozadi “Sports.ru” ma’lumotiga tayanib “Uff.uz”.
FIFA tomonidan bunday qaror chiqarilishiga “Barselona” 2009-yildan to 2013-yilga qadar 18 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar bilan shartnoma imzolash borasidagi qoidani buzgani sabab bo‘lgan. Klubga vaziyatni o‘nglash uchun 3 oy muddat berilgan.
Bundan tashqari, “Barselona” 450 ming Shveysariya franki miqdorida jarimaga ham tortilgan. FIFA, shuningdek, Ispaniya futbol federatsiyasini ham xuddi shunday qoida buzilishi uchun 500 ming frank miqdorida jarimaga tortgan va bir yil davomida bu muammoni bartaraf etishni talab qilgan.
“Uff.uz”ning xabar berishicha, “Barselona” klubi FIFA tomonidan transferlarga qo‘yilgan taqiqqa tezda munosabat bildirgan.
Klub xotirjamlikni saqlab turibdi. Ish risoladagidek davom etmoqda. Bizda bu ayblovga javob berish va o‘z harakatlarimizni tushuntirib berish uchun 90 kun vaqt bor, — deydi klub vakili.
Izoh (0)