1-may favvoralar kuni. “Daryo” ushbu yaqinlashib kelayotgan kun munosabati bilan Toshkentdagi mashhur favvoralar, ularning tarixiy, yillar davomidagi suratlarini bo‘lishadi.
Alisher Navoiy nomidagi katta teatr yoki qisqacha DAKT 1939-yil iyun oyida tashkil etilgan. Bu O‘zbekistondagi yetakchi opera va balet teatrlaridan biri bo‘lib, muhim voqealarga boy tarixga ega. Teatrga O‘zbekiston xalq artisti Muhiddin Qoriyoqubov 1929-yilda asos solgan bo‘lib, uning rahbarligida konsert-etnografik ansambl muxlislari tomonidan professional teatr hamda mashhur Tamaraxonim boshqargan raqs guruhi tashkil etilgan.
Teatr binosi Toshkent shahar markazida Islom Karimov ko‘chasida joylashgan. Me’mor tomonidan loyihalashtirilgan teatr atrofidagi maydon ko‘kalamzor bog‘, manzarali daraxtlar va favvorali hovuz bilan bezatilgan.Parter va ikki qavatdan iborat tomoshabinlar zaliga 1440 kishigacha sig‘ishi mumkin. Devor zarhal bezaklar va yengil bo‘yoq bilan sayqallangan.Teatrning xalqaro loyihalari qatoriga Opera festivali va “Toshkent bahori” baleti, J. Puchchinining 150 yillik yubileyi munosabati bilan festival, “Qirol kelini”, “Sevgi ichimligi”, “Bogema” kabi opera spektakllarining xorijiy postanovkalarida ishtirok etish va boshqa tadbirlar kiradi.
Teatr binosi oldidagi favvora esa shaharning eng taniqli diqqatga sazovor joylaridan biridir. U teatr binosining me'moriy go‘zalligini to‘ldirib, tashrif buyuruvchilar uchun yoqimli muhit yaratadi. Favvora klassik uslubda yaratilgan bo‘lib, uning markazida suv purkagichlar joylashgan. Ular atrofdagi yashil maydon va teatr fasadi bilan uyg‘unlashib, shaharning madaniy markaziga o‘ziga xos joziba bag‘ishlaydi.
2010-yilda favvora kapital ta'mirdan chiqarildi: unga zamonaviy yoritish tizimi va musiqa bilan uyg‘unlashgan suv purkagichlar o‘rnatildi. Bu yangilanishlar favvoraning kechki paytdagi ko‘rinishini yanada chiroyli va jozibador qildi.
2024-yil kuzida Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri maydonini qayta qurish ishlari boshlandi. Ishlarga maydon atrofidagi asfaltlangan yo‘laklarga tosh yotqizish, favvora atrofidagi maydon toshlarini yangilash, chiroqlar, axlat qutilari va o‘rindiqlar o‘rnatish, favvora va hojatxonalarni ta’mirlash kiradi. Rekonstruksiya Islom Karimov, Buyuk Turon, Buxoro va Zarafshon ko‘chalari oralig‘idagi teatr maydonini
qamrab oldi.
Favvora teatr maydoni kompozitsiyasining markazidir. Unda quvurlar, nasoslar va boshqa muhandislik tizimlari butunlay almashtirilgan. Favvoraning lola shaklidagi haykaltaroshlik kompozitsiyasi va boshqa bezak elementlari tiklash ishlaridan o‘tdi. Favvora o‘zining asl ko‘rinishini saqlab qolgani, texnik elementlar bilan to‘ldirilgani va yana “musiqiy” bo‘lgani aytilgan. Avvalroq favvora moviy mozaika plitkalari bilan bezatilgan, shu bois undagi suv moviy tusga kirgan edi. Rekonstruksiyadan so‘ng kosa kulrang material bilan qoplandi. Mozaika butun hudud bo‘ylab sochilgan.