Toshkentdagi “Yoshlar ijod saroyi”da 18-sentabr kuni “Sen kuchlisan” loyihasining xayriya ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Ko‘rgazmaga gematologik va onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan 133 nafar bemor bolalar tomonidan chizilgan 650 ta surat qo‘yildi.
Tadbirga kelgan mehmonlar bemor bolalar tomonidan chizilgan 26 ta suratni auksionda, qolgan devordagi suratlarni o‘zlariga ma’qul miqdordagi mablag‘ evaziga sotib olishlari mumkin edi. Sotuvdan tushgan pullar ushbu bolalarning davolanishi, shaxsiy ehtiyojlariga sarflanadi.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, tadbirda jami 42 million so‘mdan ortiq mablag‘ yig‘ilgan. Devorlarda ilingan suratlar 15 ming so‘mdan boshlab 6 million so‘mgacha narxlarda sotib olingan.