UEFA “Yil jamoasi”ga eng ko‘p marta kirgan futbolchilardan ramziy terma tuzib chiqdi, deb xabar berdi tashkilot matbuot xizmati. Undan “Real”ga tegishli 3 nafar, “Barselona”ga tegishli 6 nafar futbolchisi joy oldi.
“Yil jamoasi”ga kirish bo‘yicha Krishtianu Ronalduga yetadigani yo‘q. Portugaliyalik hujumchi 10 marta shunday baxtga muvaffaq bo‘lgan. Lionel Messida esa bu ko‘rsatkich 7 tani tashkil qilmoqda. O‘z vaqtida “Barselona” safida to‘p surgan Tyeri Anri 5 martalik ko‘rsatkich bilan hujum uchligini to‘ldirdi.
Yarim himoyada kataloniyaliklarning ikki afsonaviy futbolchisi — Andrey Inyesta hamda Xavi bor. Har ikkisi ham karyerasi davomida 5 martadan “Yil jamoasi”ga kirib olgan. Bunday baxtga uch bor erishgan Stiven Jerrard mana shu ikki ispan yigitining yonidan joy oldi.
Himoyada ham asosan ispaniyaliklar: Karles Puyol, Xerard Pike va Serxio Ramos. Puyol 6 marta, Ramos 5 marta, Pike esa 4 marta yil yaxshilari safida bo‘lgan. Germaniyalik Filipp Lamda bu ko‘rsatkich 5 taga teng.
“Real” o‘z safida olib qolishni istamagan Iker Kasilyas 6 bor “yil jamoasi” safida bo‘lgan.
Izoh (0)