Ayrim imlo xatolari ensiklopediyalar, kitoblar, darslik va qo‘llanmalarga kirib boradi. Ularning xato ekanini ko‘pincha sezmaymiz ham. Bunga baʼzan eʼtiborsizlik, baʼzan yanglish talqinlar sabab bo‘ladi. “Daryo” kolumnisti, muharrir Orif Tolib bu gal geografik nomlar imlosidagi shunday yanglish talqinlarga eʼtibor qaratadi.
Tashqi ishlar vazirligi imloga masʼulmi?
Kasbim taqozosi bilan “Kartografiya” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining vazirlik va idoralarga imlo masalasida yo‘llagan murojaatlariga javoblar bilan tanishdim. Bu xatlarda “Dunyoning siyosiy xaritasi” va atlaslarda xorijiy mamlakatlar nomlarini amaldagi lotin imlosiga ko‘ra to‘g‘ri yozish masalasi ko‘tarilgan.
“Kartografiya” DIICHKga ko‘ra, “Dunyoning siyosiy xaritasi” har yili Tashqi ishlar vazirligiga dunyoning siyosiy tuzilishida yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar, davlatlar poytaxtlarining o‘rni yoki nomlari o‘zgarishlarini tekshirib berish uchun yuboriladi.
Vazirlik esa baʼzi mamlakatlar va shaharlar nomlarining yozilishidagi xatoliklarni aniqlab, ko‘rsatadi. Bu tartib, albatta, yaxshi. Chunki mamlakatlar, turli shahar va hududlarning chegaralari, nomlari o‘zgarib turadi. Aniqlik kerak. Biroq bir eʼtiborli nuqta bor: nomlarning yozilishidagi xatolar bilan nega Tashqi ishlar vazirligi shug‘ullanishi kerak? Vazirlik imlo bo‘yicha vakolatli tashkilotmi?
To‘g‘ri, joy nomlari imlosi masalasida katta bo‘shliq bor. O‘zbek tilining amaldagi imlo qoidalari va tabiatiga mos geografik nomlar lug‘ati haligacha ishlab chiqilmagan. Bu borada masʼuliyatni yelkaga oladigan va amaliy qadam tashlaydigan tashkilot ham hozircha yo‘q.
Agar ana shu masʼuliyatga Tashqi ishlar vazirligi ega chiqqan bo‘lsa, joy nomlari bo‘yicha tavsiya berishda geograflar, toponimchilar, tilshunoslar, lug‘at yaratuvchilar, muharrirlar – umuman shu sohaga aloqador mutaxassislardan xulosa va takliflar oldimi? Menimcha, bu savolga tasdiq maʼnosida javob berib bo‘lmaydi. Chunki vazirlik taklif etgan tuzatishlarning baʼzilari o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalariga zid.
Qaysi joy nomlariga eʼtibor qaratilgan?
Vazirlik 2024-yil 29-fevraldagi xati bilan 17 ta toponim nomiga o‘zgartirish kiritishni tavsiya etgan. Ular ichida to‘g‘ri va asosli tuzatishlar ham bor. Masalan, Asunsion, Duqm, Raqqa, Abha, Chimkent, Ashxobod, Ostona shaharlari nomi yozilishidagi tavsiyalarga to‘liq qo‘shilish mumkin. Chunki bu nomlar o‘zbekcha talaffuz, imlo anʼanasiga mos, asliyatga ham to‘g‘ri keladi.
O‘mon davlati nomi esa bir qadar bahsli, chunki bu nom milliy ensiklopediya va boshqa manbalarda Ummon shaklida berilgan. Asliyatda, yaʼni arabchada O‘mon o‘qiladi degani o‘zbek tilida ham majburan shunday berish kerak degani emas. Til so‘zni o‘ziga moslashtiradi, moslashtirmasagina asliyatga tayanish o‘rinli bo‘ladi. Ummon so‘zi ildizida ummon, yaʼni dengiz maʼnosi yo‘q-ku, deb ham eʼtiroz bildirilishi mumkin. To‘g‘ri, shunday. Lekin bir so‘z boshqa tilga o‘zlashganda shaklini yoki mazmunini o‘zgartirishi mumkin va bu tabiiy. Bu sultonlik uchun o‘zbekchada Ummon toponimi ishlatilayotgan va o‘zbekcha talaffuzga zid emas ekan, uni qabul qilaverish kerak. O‘zbek tili bilan bir oilaga mansub turk tilida ham bu davlat nomi uchun Ummon varianti ishlatiladi. Mabodo ko‘pchilikning yakdilligi bilan O‘mon varianti olinsa ham muammo emas. Bu shakl boshqa bir til taʼsirida o‘zgarmagan, o‘zbek tiliga begonalashmagan. Ammo birxillikka erishish shart.
Qatar poytaxti nomini Doha shaklida yozish ham bahsli. Milliy ensiklopediya bu so‘zni Do‘ha ko‘rinishida bergan. Ruscha, inglizcha yoki boshqa bir tildagi shaklga ergashmay, o‘zbekcha talaffuzga mos variantni tanlagan maʼqul, menimcha.
Mongoliyani Mo‘g‘uliston shaklida berish haqidagi xulosaga tarixiylik-anʼanaviylik nuqtayi nazaridan qo‘shilish mumkin-u, savolli jihatlar bor-da. Mo‘g‘uliston so‘zi tilimizda eskidan ishlatilgan. Biroq zamonaviy adabiyotlarda, masalan, milliy ensiklopediyada Mo‘g‘uliston va Mongoliya toponimlarining maʼnosi farqlanadi. Mo‘g‘uliston 1348-yili Chig‘atoy ulusi parchalanishi natijasida tashkil topgan davlat hamda Chingizxonning ajdod va avlodlari yashagan Markaziy Osiyodagi katta geografik hudud uchun ishlatiladi. Mongoliya esa aholisi asosan mo‘g‘ullardan iborat, bugun mavjud bo‘lgan davlat uchun qo‘llanadi. Agar Mo‘g‘uliston atamasi zamonaviy Mongoliya uchun ishlatilishi qatʼiy belgilansa, buni ham qabul qilsa bo‘ladi. Shu prinsip asosida Gretsiyani ham Yunoniston deb o‘zgartirish mumkin. Lekin yakdillik kerak. Turli manbalarda xilma-xil talqinlar ilgari surilishi chalkashliklarga yo‘l ochadi.
Imloga masʼul tashkilotlar nima deydi?
“Kartografiya” DIICHK xuddi shu masalada O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutiga ham murojaat qilgan. Ushbu institut til, xususan, imlo masalalari bilan shug‘ullanuvchi vakolatli tashkilotlardan biri.
Institut Tashqi ishlar vazirligi bilan deyarli bir xil xulosa bergan. Qiziq tomoni, institut ham aynan o‘sha 17 ta toponimga to‘xtalgan. Tavsiyalar faqat bitta o‘rinda farqlanadi: institut Shveytsariya shaklini, vazirlik esa Shveysariya variantini maʼqullagan.
Institut va vazirlikka ko‘ra, Shri Lanka nomini Shri-Lanka, Tel Aviv nomini Tel-Aviv, Ulan Bator nomini Ulan-Bator, Nyu Dehli nomini Nyu-Dehli, Sankt Peterburg nomini Sankt-Peterburg shaklida yozish kerak.
Vazirlikdan farqli ravishda institut xulosasiga manba ko‘rsatgan: “O‘zbekcha-ruscha lug‘at”ning geografik nomlar bo‘limi (700–709-betlar). Shu yerda savol tug‘iladi: nega joy nomlari uchun “O‘zbekcha-ruscha lug‘at” asos bo‘lishi kerak? Xo‘p, joy nomlari lug‘ati yo‘q ekan, eng birinchi galda amaldagi imlo qoidalaridan yechim qidirilmaydimi? Buni boshqalar bilmasa ham, imlo bilan shug‘ullanuvchi institut bilishi kerak-ku? Qolaversa, yuqorida tilga olingan lug‘at ham, mavjud toponimik lug‘atlar ham sobiq Ittifoq davrida yaratilgan va imloda rus tili qoidalariga asoslangan. Mustaqillik davridagi qayta nashrlari ham oldingi prinsipni, ruhiyatni saqlab qolgan.
Vazirlik ham, institut ham Asunsion, Duqm, Raqqa, Abha toponimlari imlosida o‘zbekcha-ruscha, ruscha-o‘zbekcha lug‘atlarga yoki ko‘z o‘rgangan shakllarga emas, asliyatga asoslangan. Ana shu prinsip negadir bu so‘zlarda ishlamay qolgan, ularni asliyatga zid ravishda chiziqcha bilan yozish tavsiya etilgan.
Vazirlik va institut xulosasidagi xato nimada?
1995-yili qabul qilingan O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarida “Chiziqcha bilan yozish” bobi bor. Ushbu bobda qaysi so‘zlar chiziqcha bilan yozilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Ammo biror-bir bandda yuqorida sanalgan joy nomlarini chiziqcha bilan yozishga oid tartib ko‘rsatilmagan. Demak, Shri-Lanka, Tel-Aviv, Ulan-Bator, Nyu-Dehli, Sankt-Peterburg shaklida yozish amaldagi imlo qoidalariga zid!
Balki, har ikki tashkilot asliyatga asoslanib shunday xulosa bergandir? Yo‘q, unday emas. Shri Lanka, Tel Aviv, Ulan Bator, Nyu Dehli kabi joy nomlarining asliyatda yoki inglizchada yozilishiga eʼtibor bering. Hech birida chiziqcha yo‘q. Chiziqcha ishlatish o‘zbek tili uchun ham mutlaqo ortiqcha. Faqat Sankt-Peterburggina ruschada chiziqcha bilan yoziladi. Biroq u ham aslan ruscha emas, etimologiyasi nemischaga taqaladi. Nemischada esa chiziqcha ishlatilmaydi: Sankt Petersburg.
Ruschada chiziqcha bilan yozishga asos bor – rus tili imlo qoidalarining 169-bandida old qismida artikl, predlog, yuklama bo‘lgan hamda tarkibidagi so‘z rus tilida turdosh ot sifatida ishlatilmaydigan joy nomlari chiziqcha bilan yozilishi ko‘rsatilgan. Shu qoidaga ko‘ra, Sankt Peterburg, Shri Lanka, Tel Aviv, Ulan Bator, Nyu Dehli va boshqa shunga o‘xshash toponimlar ruschada chiziqcha bilan yoziladi.
Endi savol: nega o‘zbekchada ham rus tili imlo qoidalariga tayanilishi kerak? Vazirlik ham, institut ham yuqoridagi so‘zlarning yozilishida o‘zbek tili imlo qoidalariga emas, rus tili imlo qoidalariga asoslangan.
Nima qilish kerak?
Rus tili imlo qoidalari keng qamrovli, yaxshi ishlangan. O‘zbek tilining kirill va lotin yozuvlaridagi imlosi uchun shu imlo qoidalari asos bo‘lgani ham haqiqat. Biroq bu har qanday qoidani ko‘chirish kerak, o‘zbekcha imloga ters borib, ruschaga taqlid qilish kerak degani emas.
Yozuvdagi ortiqcha belgilar faqat zarar – joy oladi, o‘quvchini chalg‘itadi. Imloda ham, punktuatsiyada ham shunday. Matn yozishda, uning imlosida bosh maqsad o‘quvchiga yengillik yaratish, unga mazmunni to‘la-to‘kis yetkazish bo‘lishi zarur.
Muammo aniq. Xo‘sh, ularni hal etish uchun nimalar qilish kerak?
Toponimlar imlosi bilan bog‘liq muammoni yechish uchun imlo qoidalari islohini kutib o‘tirish shart emas, uni amaldagi imlo qoidalari bilan ham bemalol hal etish mumkin. Geografik nomlarning keng qamrovli lug‘atini ishlab chiqish kifoya. Lekin bunda mustaqil, o‘zbekcha imloga mos yondashuv kerak. Joy nomlari eski hammom, eski tos qabilida yana ortiqcha chiziqchalar bilan, o‘zbekchaga yoki asliyatga zid shakllarda berilmasligi zarur. Balki, bu ishga Tashqi ishlar vazirligi bosh-qosh bo‘lar?
Imlo masalasida rus, ingliz yoki boshqa tilga asoslanib, o‘zbekcha imloga ters xulosalar, ko‘rsatmalar berishni ham to‘xtatish zarur. Chunki yanglish tavsiyalar xatolar davomli bo‘lishiga, “qonuniylashish”iga olib keladi. To‘g‘riday ko‘rinadigan, aslida o‘zbek tili imlosiga zid tartib darsliklar, qo‘llanmalar, ensiklopediyalar, kitoblardan yanada mustahkam o‘rin oladi. O‘quvchilar, talabalar, mutaxassislar, umuman, keng jamoatchilik zehniyatiga qatʼiy yerlashadi.
Masʼullar bu masalaga eʼtibor qaratadi va xatolarni to‘g‘rilashga kirishadi deb umid qilaman.
Izoh (0)