Rossiya prezidenti Vladimir Putin 16-may kuni Pekinga tashrif buyurib, Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml saytida xabar berildi.
Bu Rossiya prezidentining qayta saylanib, lavozimga kirishganidan keyingi ilk xorijiy tashrifidir. Xitoyga tashrif ikki bosqichda amalga oshiriladi. Rossiya rahbari Pekin va Xarbinda bo‘ladi. Putin Pekinda xitoylik hamkasbi Si Szinpin bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, norasmiy tarzda yuzma-yuz muloqot qiladi.
Putinga deyarli barcha yuqori lavozimli amaldorlar hamrohlik qilmoqda
Rossiya prezidentiga besh nafar bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy, diplomatik va xavfsizlik bo‘limlari rahbarlari, Harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha federal xizmat, Rossiya temiryo‘llari, Rosatom va Roskosmos rahbarlaridan iborat delegatsiya hamrohlik qilmoqda. Bundan tashqari, Rossiyaning 20 ta viloyat rahbarlari ham delegatsiya tarkibiga kiritilgan.
Rossiya va Xitoy yetakchilari nimalarni muhokama qiladi?
Ikki tomonlama muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratish rejalashtirilgan. Uchrashuvda Putin va Si Szinpin eng dolzarb siyosiy hamda mintaqaviy masalalarga ham to‘xtalib o‘tadi. Biroq, uchrashuvning eng muhim qismi yopiq eshiklar ortidagi norasmiy muhitda o‘tadi. “1+4” formatida yetakchilar Ukrainadagi vaziyatni batafsil muhokama qiladi.
Xitoyga davlat tashrifining ikkinchi bosqichi Xarbinda bo‘lib o‘tadi. U yerda Putin VIII Rossiya—Xitoy ko‘rgazmasi va Mintaqalararo hamkorlik bo‘yicha IV Rossiya—Xitoy forumining ochilish marosimida ishtirok etadi, Xarbin politexnika universiteti talabalari va o‘qituvchilari bilan uchrashadi.
Izoh (0)