12-may kuni Freddi Merkyuri obrazini gavdalantirgan va bu roli uchun “Oskar” mukofotini olgan Rami Malek 43 yoshni qarshiladi. Kino olamidagi eng mashhur mukofotlardan biriga qo‘shimcha ravishda, bu rol Ramiga shaxsiy hayotida ham baxt keltirdi. Quyida aktyorning hayoti haqidagi qiziqarli ma’lumotlar va uning ishtirokidagi eng mashhur kinokartinalar haqida so‘z boradi.
Ko‘p millatli oila
Rami Malek ko‘p millatli oilada dunyoga kelgan. Uning ota-onasi Said Malek va Nelli Abdul Malek 1978-yilda Misrdan AQSHga ko‘chib o‘tgan. O‘sha paytda juftlikning Yasmin ismli qizi bor edi. Oradan to‘rt yil o‘tib ularning oilasida egizak farzandlar — Rami va Sami dunyoga keldi.
Hozirda Rami Malekning opasi Yasmin tez yordam shifokori, egizagi Sami Malek esa Los-Anjelesdagi o‘rta maktab o‘qituvchisi. Rami Malek oila a’zolari bilan yaxshi munosabatda. “Oskar” mukofotini olgan aktyor onasini yaxshi ko‘rishi haqida gapirib bergan. Aktyorning onasi o‘g‘lining aktyorlik karyerasining boshida, u bilan birga kastingga borgan barcha ishtirokchilarga shirinliklar olib kelgan.
Aktyor salomatligi bilan bog‘liq kichkina muammoga duch kelsa ham darhol opasiga qo‘ng‘iroq qiladi. Rami egizak ukasi bilan do‘st, ular tez-tez uchrashib, birga vaqt o‘tkazadi.
Rami va Sami maktabga borishdan oldin faqat arab tilida gaplashgan, birinchi sinfda ingliz tilini o‘rganishni boshlagan. Hozirgi kunda Rami Malek ingliz tilida ravon gapiradi, biroq u baribir arab tilida yaxshiroq so‘zlashadi.
Kasb tanlash masalasi
Rami Malekning ota-onasi farzandlarining ta’lim olishiga katta e’tibor beradi. Ular katta o‘g‘lini advokat yoki shifokor bo‘lishini xohlaydi. Ammo Rami bolaligidanoq aktyor bo‘lishni orzu qilgan.
Rami yaqinlarining noroziligiga qaramay, Evansvil universitetiga qarashli kollejga o‘qishga kiradi, u yerda tasviriy san’at sirlarini o‘rganadi, lekin baribir aktyor bo‘lish, talabalar teatri spektakllarida qatnashish orzusi uni tark etmaydi. O‘g‘lining sahnada rol ijro etganini ko‘rgan ota-ona o‘z xohishlaridan voz kechadi. Rami Malek 2003-yilda tasviriy san’at sohasi bo‘yicha bakalavr darajasini oladi.
Rami Malek ishtirokidagi eng yaxshi filmlar
Ko‘plab aktyorlar singari Rami Malek ham kinodagi karyerasini serial va filmlarda epizodik rollarni ijro etishdan boshlagan. Uning e’tiborga molik birinchi roli “Muzeydagi tun 2” komediyasidagi fir’avn obrazi edi.
Shundan keyin aktyorga omad kulib boqadi. 2010-yilda Rami Stiven Spilberg tomonidan suratga olingan “Tinch okeani” dramatik serialda asosiy rollardan birini o‘ynaydi. Unga ovoz bergan Tom Henks yosh aktyorning ijrosidan shunchalik hayratda qolganki, u Malekni o‘zining prodyuserlik proyekti “Larri Kraun”ga taklif qilgan, ushbu loyihada bosh rolni Juliya Roberts ijro etgan.
Rejissyor Sem Esmeyl “Janob robot” nomli mualliflik serialidagi bosh rol qahramonga aktyor qidirayotganida uning rafiqasi, aktrisa Emmi Rossum turmush o‘rtog‘iga “Tinch okeani” filmida suratga tushgan aktyor Rami Malekni tavsiya qiladi.
Shundan keyin Rami Malek dunyoni o‘zgartirishga qaror qilgan sotsiopatik xaker Elliot Alderson rolini ijro etadi. To‘rt mavsum davomida aktyor iste’dodining deyarli barcha qirralari va ko‘lamini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Elliot roli uchun Rami bir nechta “Emmi” mukofotlariga sazovor bo‘lgan, shuningdek, “Dramatik serialdagi eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida “Oltin globus” mukofotiga uch marta nomzod bo‘lgan.
Serial bilan parallel ravishda Rami Malek filmlarda ham suratga tushgan. Dastlab aktyor o‘sha davrning eng ko‘zga ko‘ringan loyihalaridan biri bo‘lgan “Kapalak” dramasining remeykida, keyinchalik “Bogemacha rapsodiya” loyihasida suratga tushadi.
“Lo‘lilar qo‘shig‘i” (“Bogemskaya rapsodiya”)
Aktyor “Lo‘lilar qo‘shig‘i” (“Bogemskaya rapsodiya”) loyihasida suratga tushish taklifini qabul qiladi. Odatda biografik film ustida ishlashda bo‘lgani kabi aktyor bir muncha vaqt haqiqiy hayotda ham qahramonining hayoti bilan yashashi kerak edi. Rami Freddi Merkyuri bilan bog‘liq har bir video va intervyularni tomosha qiladi. U pianino chalishni o‘ragandi, musiqachining harakatiga taqlid qilish uchun xoreograf bilan ishlaydi va hatto Freddi Merkyurining o‘ziga xos tishlariga o‘xshash protez bilan yuradi.
Mehnatlar o‘z samarasini beradi. Rami 2019-yilgi mukofotlar mavsumida “Lo‘lilar qo‘shig‘i” filmidagi roli uchun taqdirlanadi. Loyiha esa kino tarixidagi eng yuqori daromad keltiruvchi musiqiy film bo‘lib, uni ishlab chiqarishga sarflangan mablag‘dan 20 barobar ko‘p daromad keltiradi.
Rol tanlash
Rami Malek rollarni ehtiyotkorlik bilan tanlaydi. U komedik rollarni ijro etishni yoqtirmaydi, dramani afzal ko‘radi, remeyklardan qochadi, biroq bundan istisno ravishda aktyor o‘zini “Kapalak” loyihasida sinab ko‘rdi.
U kinodagi faoliyatining boshida “24” serialida terrorchi rolini o‘ynagan va shundan keyin “arab = terrorist” shtampidan foydalanadigan har qanday rollardan voz kechadi.
Aktyor aynan shu narsani “Bond” filmi prodyuserlariga aytadi — ular Ramiga “O‘lim vaqti emas” filmida Jeyms Bondning antagonistini o‘ynash taklifi bilan murojaat qilgan. Rami Malek bu rolni o‘ynaydi, chunki unga yovuz odam obrazini butunlay boshqacha talqin qilish taklif qilinadi: aktyor Lyutsifer Safin ismli manyak obrazini gavdalantiradi.
Rami Malekning shaxsiy hayoti
Rami Malek shaxsiy hayoti haqida ko‘p gapirmaydi. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, bir paytlar u o‘zi bilan bir kollejda o‘qigan Kirsten Danstni sevib qolgan.
“Janob robot” filmining suratga olish jarayonida Rami serialdagi partnyori, aktrisa Porsha Dabldey bilan uchrashadi. Juftlik 2017-yilda “Lo‘lilar qo‘shig‘i” filmi ustida ish boshlanganida ajralishadi va Rami Malek Freddi Merkyurining sevgilisi va keyinchalik eng yaqin do‘stiga aylangan Meri Ostin rolini o‘ynagan Lyusi Boynton bilan uchrasha boshlaydi.
Ular tadbirlarga birga boradi, biroq munosabatlari haqida izoh berishmaydi. Aktyor Palm-Springs kinofestivalining taqdirlash marosimida Lyusi Boyntonga bo‘lgan sevgisini tan oladi. Shundan keyin hech narsa o‘zgarmaydi: Rami Malek va o‘zidan 13 yosh kichik sevgilisini turli tadbirlarda ham, sayrlarda ham birga ko‘rishadi.
Moda timsoli
Rami Malekni stilistlar va moda jurnalistlari ham yaxshi ko‘radi. U 2020-yilda Saint Laurent brendi bahor-yoz kolleksiyasining yuziga aylanadi. Bundan tashqari, u nima kiyishidan qat’i nazar, har doim o‘ta zamonaviy ko‘rinadi.
Izoh (0)