Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishlar va videoselektorlarda davlat rahbariga muammosi haqida ayta oladigan, masala qo‘ya oladigan rahbar bugungi kun talabiga mos rahbar ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u “Daryo” jurnalisti bilan bo‘lgan suhbatida gapirib berdi.
Majlisda taklif berolmasdan jim o‘tirib, hatto savol berilganda, uch marta so‘ralganda ham muammo yo‘q deb o‘tirgan zamonlarni ko‘rdik-ku. Hozir qanaqadir tadbir, selektor yoki yig‘ilish bo‘ladimi so‘z berilganida rahbarga muammo qo‘ya oladigan, masala qo‘ya oladigan rahbar yaxshi, — deydi Zoir Mirzayev.
Toshkent viloyati hokimining aytishicha, u qo‘l ostidagi rahbarlar va atrofidagilardan ham shuni talab qiladi.
Atrofimdagilarga qo‘rqmasdan aytaveringlar, to‘g‘risini aytganning tilini kesadigan zamon o‘tib ketdi, deyman. Shunaqa davrlardan ham o‘tganmiz. Lekin bugun og‘zimizdan chiqqan narsani olyapmiz-ku. Mablag‘ bo‘lganda ham uni olib, joyiga borib bajarish vaqt talab qiladi. Mana shu vaqtga kelganda hammamizda sabrsizlik bor. Tez bo‘lishi kerak. Bugun boshlab, ertaga tugatishimiz kerak. Uning sifatli bo‘lishi uchun vaqt kerak. Masalan bitta maktab qursangiz, bir yil kerak, yo‘l qursa mana shuncha vaqt kerak. Ikkinchidan, aholimizda tezroq yaxshi kunni ko‘rishga ishtiyoq ko‘paygan. Bu odamlarning huquqiy ongi rivojlanganligining ko‘rinishi va bu judayam yaxshi holat. Fuqaro o‘zining haqqini talab qilib ola olsa, boshqaruvga oson bo‘ladi, — deydi viloyat hokimi.
Zoir Mirzayevning ta’kidlashicha, mahalla tizimining beshlikdan yettilikka o‘zgarishi ham quyi bo‘g‘inda o‘zgarishlar qilinishiga harakat qilinayotganidan darak beradi. Mahalla davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarishi kerak.
Mahallada ko‘tarilayotgan 10 ta muammoning uch-to‘rttasi, eng dolzarbini tanlab olib, ijrosiga kirisha olsa, o‘sha rahbar zamonaviy rahbar bo‘ladi. Bo‘lmasa, menda og‘ir deb o‘tiraveradi. Tushkunlikka tushadi. Og‘ir va bajarib bo‘lmaydigan ishning o‘zi yo‘q, — dedi hokim.
Hokim suhbat davomida o‘z faoliyatiga doimiy tarzda tanqidiy yondashishi, Telegram’da unga murojaat qilib, shikoyat qilgan deputat va davlat rahbarining biror bir qarorini qabul qilishdan avval viloyat hokimlari bilan ham maslahatlashishi haqida gapirib berdi.