Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha viloyat tajribasi yaratiladi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu haqda viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan mas’ullar yig‘ilishida ma’lum qilingan.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i general-mayor Davron Nazarmuhamedov hamda viloyat hokimi Murodjon Azimov boshchiligida ishchi guruh o‘rganishlarining yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amaliyotga tatbiq etiladigan “Qashqadaryo tajribasi” taqdimoti o‘tkazildi, — deydi Ahror Sodiqov.
Sodiqovning aniqlashtirishicha, yig‘ilishda Qarshi shahridagi kriminogen vaziyati eng og‘ir “qizil” toifadagi “Alisher Navoiy” mahallasi tanlab olingan bo‘lib, mazkur mahallani tajriba sifatida jinoyatdan xoli mahallaga aylantirish choralari ko‘rilishi belgilangan.
Qashqadaryo IIB axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, viloyat tajribasini yaratishdan avval vazir o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda, mahallalarda, olis qishloqlarda, jinoyatchilik salmog‘i ortgan “qizil” toifadagi hududlarda huquqbuzarlik hamda jinoyatchilik sodir etilishining asl sabablari, unga turtki bo‘lgan omillar, mavjud kamchiliklarni tahlil qilib, xulosaga kelgan.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda IIVning asosiy 16 ta sohasi bo‘yicha mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh viloyatdagi mavjud kriminogen vaziyatni tahlillar asosida kompleks o‘rganib, Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilikni jilovlash borasidagi “Qashqadaryo tajriba”sini yaratishga doir manzilli ishlar olib borib, “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar viloyatda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amaliyotga tatbiq etiladigan “Qashqadaryo tajribasi” taqdimoti bilan tanishdi, — deyiladi viloyat IIB axborotida.
Yig‘ilishda viloyatda mobil targ‘ibot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlangan.
Viloyatda mobil targ‘ibot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mahallalar hududida o‘g‘irlik va firibgarlik, tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar, yo‘l-transport hodisalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan turli jinoyatlar, ayniqsa, plastik kartalardan pul yechib olish va o‘g‘irlash bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga harakat qilinadi. Hamda bu turdagi jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan omillar, tub sabablar hamda ularning oqibatlari, aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradi, — deyiladi bu haqdagi ma’lumotda.