Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga ma’qullash uchun yuborilgandi. Deputat G‘ayrat Abdiyev mazkur qonun bilan qanday normalar belgilanayotgani haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, ular faoliyatining asosiy kafolatlari, ularning mehnatiga yarasha haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilanmoqda. Jumladan, ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega pedagoglarning ish haqlariga har oylik ustama to‘lanishi qonun bilan mustahkamlanyapti.
Bundan tashqari, davlat umumiy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar davlat tomonidan o‘quv qo‘llanmalar, birlamchi o‘quv-metodik materiallar va o‘quv qurollari bilan bepul ta’minlanishi kafolatlanmoqda.
Muhimi, pedagog o‘z sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida muayyan mansabdor shaxsning xatti-harakati ustidan sudga murojaat qilgan taqdirda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladigan bo‘lmoqda, — deydi deputat.
Mazkur qonunda pedagoglarning kasbiy faoliyatini amalga oshirishini ta’minlash borasida bir qator normalar ham belgilanmoqda. Xususan:
- pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek, pedagogning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilish, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga, qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish;
- uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan, aholining soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, bitiruvchilar bandligi ta’minlangani haqidagi hisobotlarni shakllantirishni va taqdim etishni talab qilish;
- pedagogni kuz-qish davrida va bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish;
- pedagog zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilyapti.
Izoh (0)