Qozog‘istonning Atirau viloyati, Kaspiy dengizi sohilida 10 gektar maydonni egallagan qamishzor yonmoqda. Bu haqda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tayanib, Tengrinews.kz xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 7-iyul kuni erta tongda Atirau aholisi yong‘in hidini sezgan. Shu munosabat bilan soat 08:20 atrofida MI-8 “Kazaviaspas” vertolyoti havo razvedkasini olib borish va yong‘in manbasini aniqlash uchun havoga ko‘tarilgan.
Komissiya 15 kilometr radiusda Kaspiy dengizining sohilbo‘yi hududini o‘rgangan. Natijada, sohil bo‘yidagi besh gektar maydonda beshta yonish o‘chog‘i topilgan. Yong‘inning umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etadi.
Kaspiy dengizining yonish sodir bo‘lgan sohil hududi egasiz. Shamol yo‘nalishi dengiz tomon bo‘lib, aholi punktlariga xavf tug‘dirmaydi.
“Yong‘inni o‘chirishga 55 nafar xodim, 13 dona texnika va ikkita motor nasosi, shuningdek, MI-8 vertolyoti jalb etilgan. Yong‘inni o‘chirish ishlari davom etmoqda”, — deyiladi xabarda.