Kembrij universitetining yetakchi tadqiqotchisi, zamonaviy G‘arb ziyolilarining yorqin vakili, O‘zbekistonning yaqin do‘sti Shirin Akiner 76 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shu munosabat bilan olimani tanigan va bilgan zamondoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda o‘z ta’ziyalarini bildirib, u qoldirgan ilmiy merosni e’tirof etmoqda.
London universitetining professori Sh.Akiner 1990-yillardan boshlab bugungi kunga qadar Markaziy Osiyo hayotiga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan, ko‘zga ko‘ringan ekspertlar sirasidan edi. U O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston haqidagi yuzlab ilmiy asarlar hamda maqolalarga mualliflik qilgan. Ularda mintaqadagi siyosiy va ijtimoiy vaziyat, xususan, madaniyat va din bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratiladi.
Sh.Akiner 2005-yilda sodir bo‘lgan Andijon voqealari to‘g‘risida Jons Xopkins va Uppsala universitetlarida o‘zining mustaqil tadqiqoti natijalarini nashr qildirgan. Londonlik olima o‘sha davrda Andijonga shaxsan tashrif buyurib, mahalliy aholining turli qatlamlari vakillari bilan bevosita suhbat o‘tkazgan.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu ekspert G‘arbda, jumladan, Londonda ham mazkur hodisani oldindan bilganlar bo‘lganligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishora qilgandi.
Sh.Akiner keyingi yillarda mintaqaga ixtisoslashgan Journal of Central Asian and Caucasian Studies jurnalining tahrir va maslahatchilar kengashi a’zosi hisoblanardi.
Beruniy Alimov, O‘zDJTU dotsenti: Professor Shirin Akiner keyingi 25-30 yil davomida O‘zbekistonning yaxshi-yomon kunlarida har doim birga bo‘lib kelayotgan G‘arbning eng taniqli olimasi edi.
Opani shaxsan 1996-yildan tanirdim. Turli ilmiy va siyosiy mavzularda suhbatlashib turardik. Yaqinda Toshkentda ham xalqaro anjuman bahonasida ko‘rishdik. Oxirgi bor ko‘rishganimizda O‘zbekistonning imidji masalasida bafurja suhbatlashdik.
Keyin bu borada o‘zlari yozgan va hali hech joyda e’lon qilinmagan ilmiy maqolaning draft variantini yuborgandilar. O‘qib hayratlandim.
Ne’matullo Mirsaidov, media ekspert, Tojikiston: Ajoyib ayol, hech narsadan qo‘rqmaydigan, G‘arbda ko‘p ham uchravermaydigan aql egasi edi. Vijdonini siyosatga sotmas, mamlakatni mavjud siyosiy tizim bahonasida dunyo siyosatidan olib qochishni yoqlamas edi.
Viktoriya Panfilova, “Nezavisimaya gazeta” muxbiri, Rossiya: Biz bir oy oldin Toshkentda uchrashib, suhbatlashgan edik. Afsuski, bunday yo‘qotishni tasavvur ham qilmagandim. Yaqin kunlarda unga qo‘ng‘iroq qilishni rejalashtirayotgan edim. Gapimiz oxiriga yetmay qoldi.
Marusa Xosilova, jurnalist: Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin. O‘zbekistonni yaxshi ko‘rganlarni biz ham yaxshi ko‘ramiz!
Izoh (0)