“Daryo”ning Telegram’dagi manziliga Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida joylashgan 32-umumta’lim maktabiga, yangi tashkil etilayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini ham ko‘chib kelgani xususidagi e’tiroz kelib tushdi. Murojaat muallifi sinfxonalar kichik va talabga javob bermasligi yetmaganidek, mahalla uchun ham xona ajratib berilishi dard ustiga chipqon bo‘lganini bildirgan.
Holatni joyida o‘rganish maqsadida “Daryo” muxbiri Nishon tumanining “Balxiyak” qishlog‘ida bo‘ldi.
— “Balxiyak” MFYda yashovchi aholi soni 10 ming nafar kishidan ortib ketgani bois ham “Katta anhor” mahallasi tashkil etilishi uchun harakat boshlanganidan xabarim bor, — deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Qo‘chqorov. – Bu xususida topshiriq berishganda tuman hokimi o‘rinbosarlari MFY idorasi aynan maktabga yaqin bo‘lishi kerakligi haqida ham aytishgan. Ammo maktabimiz sinfxonalari yetishmasligi bois bino maktabdan berilishi nazarda tutilmagan. Faqat yangi tashkil etilayotgan mahalla uchun yangi bino qurilguniga qadar MFY raisining hujjatlariga maktab direktori xonasidan joy ajratilishi lozimligi aytilgan. Buni murojaatchi noto‘g‘ri tushunib, raisga maktab binosidan joy beriladi degan-da.
— Yangi tashkil etilayotgan MFYga maktabdan joy berishardi, — deydi ushbu maktab o‘qituvchisi Shuhrat Murodov. – Bu xususida shov-shuv bo‘lganidan keyin jim bo‘lib qolishdi. Va ko‘chib o‘tish fikridan ham qaytishdi. Biz jim turganimizda allaqachon xonalarni olib qo‘yishardi.
Shuhrat Murodovning ma’lumot berishicha, yangi tashkil etilayotgan MFYga saylovga qadar rais etib belgilangan Ahmad Aqanov maktabga kelib direktorning xonasiga joylashmoqchi ham bo‘lgan. Direktorga xonani bo‘shatishi lozimligini aytib, hujjatlarini olib chiqib ketishini so‘ragan. Ammo maktab o‘qituvchilarining e’tirozi sabab bu masala ortga surilgan.
Murojaatni o‘rganish uchun maktabga borganimizda direktor o‘rinbosari Sherzod Qo‘chqorov maktab rahbari xonasini ko‘rsatib, yangi MFY raisining hujjatlari saqlanishi lozim bo‘lgan xona shu ekanligini aytdi.
Shuhrat Murodov esa mutasaddilar aynan o‘sha xonani MFYga ajratib beramiz deya xulosa qilishganini, ammo maktab o‘qituvchilarining e’tirozi sabab bu ish to‘xtab turganini bildirdi.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan boshqa o‘qituvchilar maktabdan mahalla uchun xona ajratish to‘g‘risida gap bo‘lganini, ammo hech qanday xona ajratilmaganligi haqida aytishdi.
Sherzod Qo‘chqorovning ma’lumot berishicha, ushbu maktab 1994-yil boshlang‘ich sinflar uchun 120 o‘rinli qilib qurilgan. Maktab moslashtirilgan binoda joylashgan bo‘lsa-da, hozirda 187 nafar o‘quvchini bag‘riga sig‘dirgan.
— Odatda sinfxonada har bir o‘quvchiga 2,20 metr/kv joy to‘g‘ri kelishi kerak, — deydi maktab direktorining xo‘jalik ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Abdumamat Omonov. – Ammo bizning sinfxonalarimiz bu talabga javob bermaydi. Eng katta sinfxonamizda 17–22 nafar o‘quvchi o‘qiydi. O‘quvchilarimiz tor va noqulay xonada o‘tirishga majbur bo‘lyapti.
Direktor o‘rinbosari Sherzod Qo‘chqorovning aytishicha, kelasi o‘quv yilidan boshlab 1-sinfga 29 nafar o‘quvchi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
— Biroq sinfxonalarimizda hozirgi kunda 17–22 nafar o‘quvchi zo‘rg‘a sig‘yapti, kelasi o‘quv yilida qanday qilib 29 nafar o‘quvchini o‘qitamiz, – deydi Sherzod Qo‘chqorov. – Hech qaysi sinfxonamizga 29 nafar bola sig‘maydi-ku.
“Zavxoz”ning ma’lum qilishicha, ayni kunda maktabdagi eng katta sinfxona hajmi 34,5 metr/kvadratni tashkil qiladi.
— Eng katta sinfxonamizda ham o‘quvchilarimiz uchun 1,3–1,5 metr/kv masofa to‘g‘ri kelmoqda, — deydi Abdumamat Omonov. – Ba’zi bir sinfxonalarimizda esa o‘quvchilar uchun mo‘ljal qilingan masofa 1 metr/kvadtatga ham yetmaydi.
Mutasaddilarning gapi qanchalik haqiqatga yaqin ekanligini bilish maqsadida o‘quv xonalarida ham bo‘ldik. Kuzatuvlarimizga ko‘ra, 15–17 nafar o‘quvchi tahsil oluvchi sinfxonalar juda tor va o‘quvchining doskaga chiqishi uchun o‘ta noqulay. Eng yomoni sinf partalarida o‘quvchilar 3 kishidan ham o‘tirishgan. Bu ham yetmaganidek agar o‘quvchilar to‘liq darsga kelsa, hatto sinfxona eshigi yonida ham parta qo‘yilib, o‘quvchi o‘tirishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu ham mayli dersiz. Lekin eng dahshati shuki, o‘quvchilar tahsil olayotgan sinfxonada 5 daqiqa turib, havo yetmay qolayotganini payqadik.
— Yaxshiyam ba’zi bir sinfdoshlarimiz darsga kelishmagan, agar ular ham darsga kelishganda 3 kishilab o‘tirgan bo‘lardik, — deydi o‘quvchilardan biri Marjona Hotamova. – Doskaga chiqishda ham juda qiynalamiz. O‘tish noqulay. Yonimizdagi sinfdoshimizni bezovta qilamiz.
O‘quvchilarning aytishicha, ba’zi sinfxonalarda o‘quvchilar hatto 4 kishi bo‘lib ham o‘tirishadi.
Maktabda bo‘lgan kunimiz (2019-yil 30-mart) o‘qituvchilar Po‘lat To‘qsonov va Nurxon Xudoyberdiyevlar ishga kelmagani bois ham 5- va 6-sinf o‘quvchilariga o‘tilishi lozim bo‘lgan darslar o‘tilmay qolayotgani, o‘quvchilar dars paytida bo‘sh o‘tirganiga ham guvoh bo‘ldik.
Holat haqida izoh olish uchun o‘sha kuni na maktab direktorini, na uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xolmo‘min Amonovni topa oldik. Direktor Mahmatmurod Boboyorovga qo‘ng‘iroq qilib, holat haqida so‘raganimizda direktor darsini o‘tmagan o‘qituvchilarga chora ko‘rishini bildirdi. Darsini o‘tmagan o‘qituvchilarga chora ko‘rildimi yoki yo‘qmi bunisi hozircha bizga qorong‘i.
O‘sha kungi surishtiruvlarimiz davomida aniqlanishicha, maktabning 10- va 11-sinf o‘quvchilari uchun haftada bir kun o‘tilishi lozim bo‘lgan o‘quv amaliyot darslari ham maktabning o‘zida o‘tilmoqda. Eng qizig‘i, qandolatchilik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oluvchi 11-sinf qizlari xona yetishmagani bois ham maktab kutubxonasida ovqat pishirish mashqlarini olish borishadi.
— O‘quv amaliyot darslari 25-maktabda o‘tilardi, — deydi maktab mas’uli Sherzod Qo‘chqorov. – Ammo ota-onalarga farzandlarining yo‘l puli sarflab, 25-maktabga qatnashi malol keldi. Yo‘lkira berishga qiynalishdi. Shuning uchun ham har ikkala maktab rahbarlari kelishuviga ko‘ra, o‘zimizning maktabda o‘tayapmiz. O‘qituvchilarning o‘zlari gaz plitasi kabi o‘quv anjomlarini olib kelib dars o‘tishadi.
Direktor Mahmatmurod Boboyorovdan o‘quv amaliyot dasrlari maktabda sharoit bo‘lmasa-da, shu yerda o‘tilishiga kelishuvdan tuman xalq ta’limining o‘quv amaliyot jarayonlariga mas’ul kishisining xabari bor yoki yo‘qligi bilan qiziqdik. Direktor esa “25-maktab direktori ruxsat olgan bo‘lsa kerak, biz ruxsat so‘ramadik”, — dedi.
25-maktab direktori Sanjarmalik Xudoynazarovni topish uchun qilgan harakatlarimiz zoye ketdi. Topolmadik. O‘ylaymizki, ochiq qolayotgan savollarimizga nafaqat 25- va 32- maktab direktorlari, balki ushbu masalaga mas’ul mutasaddilar ham javob berishadi.