O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Rossiyaga ishlashga ketgan muhojirlar qismati haqida qo‘shiq kuyladi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi xabar bermoqda.
Xonandaning ma’lum qilishicha, u ikki yil avval Surxondaryoga borganida, bir onaxon: “O‘tgan yili Rossiyada konsert bergandingiz. Yodingizdami, o‘g‘lim menga qo‘ng‘iroq qilganida, Siz ham menga salom yo‘llagan edingiz. Bir yil bo‘ldiki, daragi yo‘q. Yana Rossiyaga borsangiz, o‘g‘limga sog‘inganimni ayting”, degan.
“Shundan so‘ng o‘zga yurtda yurgan vatandoshlarimiz nomidan onalarimizga atab qo‘shiq kuylash g‘oyasi tug‘ildi”, — dedi Ozodbek Nazarbekov, o‘z konsert dasturida yangi qo‘shiqni kuylashdan avval.
“Xonanda ‘Allo, Ona’ nomli qo‘shig‘ini kuylab, muxlislarning ko‘zini yoshlatdi. Ekranda ko‘rsatilgan muhojirlarning hayoti tasviri esa tomoshabin yuragini o‘rtagani ham shubhasiz”, — deb yozadi “Darakchi” gazetasi.
Eslatib o‘tamiz, 10—20-aprel kunlari “Istiqlol” san’at saroyida Ozodbek Nazarbekovning yakkaxon konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. Konsertning dastlabki kunlaridan tayyorlangan fotoreportaj bilan bu yerda tanishish mumkin.
Izoh (0)