Salvador rasmiylari Panamaning Mossack Fonseca yuridik kompaniyasi ofisida reyd o‘tkazdi va hujjatlar hamda qurilmalarni musodara qildi. Bu haqda mamlakat bosh prokuraturasi ma’lum qildi, deya xabar beradi “Vedomosti”.
Operatsiyani shaxsan kuzatgan bosh prokuror Duglas Melendes rasmiylar Mossack Fonseca 7-aprel, payshanba kuni ofis kirishidagi yorliqlar olib tashlaganidan so‘ng bundan shubhalanib, ertasiga mazkur operatsiyani o‘tkazishga qaror qilganini bildirdi. Kompaniya xodimlari buni ofis boshqa joyga ko‘chirilayotgani bilan izohlagan. Reyd davomida 20 ta kompyuter, hujjatlar olingan, yetti nafar xodim so‘roq qilingan, biroq hech kim qo‘lga olinmagan.
“Hozir qandaydir jinoyatlar haqida gapirishga erta. Amalga oshirayotganlarimiz odatiy ishimizdan iborat”, — deya ta’kidlagan bosh prokuror. Mahalliy OAVning bildirishicha, Salvador fuqarolari mamlakatda deklaratsiya qilish zaruratisiz mol-mulk sotib olish uchun kompaniya xizmatidan foydalangan.
Ma’lumot uchun, Mossack Fonseca faoliyati Jurnalistlik tekshiruvlari xalqaro konsorsiumi (ICIJ) tomonidan o‘rganilmoqda, bunga konsorsium qo‘lga kiritgan kompaniyaning 11,5 millionga yaqin hujjati asos bo‘lgan. Ularda 12 nafar sobiq va amaldagi davlat yetakchilari, Forbes ro‘yxatidagi 29 nafar milliarder, shuningdek, kino va sport yulduzlari nomlari keltirilgan.
Izoh (0)