Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasida Toshkentning “Lokomotiv” klubidan ketma-ket ikkita mag‘lubiyat qabul qilib olgan “Fulad Sepahon” bosh murabbiyi Igor Shtimats matbuot anjumanida ishtirok etdi. Bu haqda “Championat.asia” xabar berdi.
“‘Lokomotiv’ni g‘alaba bilan tabriklayman”, — deya gap boshladi Shtimats. — “Birinchi o‘yinda ham raqibimiz o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olgandi. Darvoza oldida nima qilish kerakligini ular bizdan yaxshiroq bilishar ekan. O‘tkazib yuborilgan goldan keyin hujumga o‘tdik, ammo Xalatborining yo‘qligi bugun bilinib qoldi”.
“Fulad Sepahon” safida harakat qilgan o‘zbekistonlik futbolchi Fozil Musayev o‘yinning 65-daqiqasida almashtirilganiga murabbiy quyidagicha izoh berdi: — “U shifokorlarga o‘zini yomon his qilayotganini aytdi va men uni almashtirdim”.
Xorvatiyalik mutaxassis navbatdagi bosqichga yo‘l olish imkoniyatlari haqida to‘xtalar ekan, jamoasini har ikki o‘yinda ham mag‘lub etgan “Lokomotiv”ning kelasi turlarda ochko yo‘qotishidan umidvor ekanligini yashirib o‘tirmadi: — “Imkoniyatimiz hozircha bor. Umid qilamanki, ‘Lokomotiv’ navbatdagi ikki turda ‘An-Nasr’dan ochko ololmaydi. Shundagina guruhdan chiqib olishimiz mumkin bo‘ladi”, — deydi Igor Shtimats.
“Lokomotiv”ning “An-Nasr”ga qarshi o‘yinlari 20-aprel va 4-may sanalarida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)