Ozarbayjonlik harbiylar Qorabog‘ mojarosi hududida Armanistonning qo‘mondonlik punktini yo‘q qilganligini ma’lum qildi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lumotiga tayanib, “RBK” xabar beradi.
Boshqarma hujum davomida armanistonlik generallar va polkovniklar halok bo‘lganligini ma’lum qilgan. Mudofaa vazirligi, shuningdek, o‘tkazilgan operatsiyaga aloqador videolavhalarni chop etishga va’da qilgan.
Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi esa yuqori mansabli ofitserlarning halok bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni rad qildi. Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Senor Asratyan bu ma’lumotlarning mutloq yolg‘onligini ma’lum qilgan.
O‘z navbatida, Yerevan Armaniston artilleriyachilari Qorabog‘—Ozarbayjon to‘qnashuv chizig‘ida Ozarbayjon zaxira bo‘linmalarini yo‘q qilganligini bayon qilgan.