Bugun, 18-mart kuni Shveysariyaning Nyon shahrida Yevropa Chempionlar Ligasi chorak final bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Qur’a natijasiga ko‘ra, “Barselona” klubi chorak finalda “Atletiko”ga qarshi bahs olib boradi. Katalon klubi boshqaruv kengashi a’zosi Xavyer Bordas qur’a natijasiga o‘z munosabatini bildirdi, deb xabar beradi “Chempionat”.
“Bizga bundanda qiyin raqib tushishi mumkin edi, deb o‘ylamayman. Dunyodagi hech bir jamoa ‘Atletiko’dan yaxshiroq himoyalanmaydi. Lekin Yevropa Chempionlar Ligasi chorak finalida oson raqibning o‘zi yo‘q. Albatta, osonroq variantlar ham bor edi. ‘Atletiko’ning imkoniyatlarini yaxshi bilamiz, biroq ularning to‘sig‘idan o‘tishimiz kerak. Yarim finalga chiqsak, u bosqichda ham istagan raqibga qarshi o‘ynashga tayyor bo‘lamiz”, – deb Bordas so‘zlaridan iqtibos keltiradi UEFA rasmiy sayti.
Ma’lumot o‘rnida, “Barselona” va “Atletiko” o‘rtasidagi dastlabki uchrashuv 5-aprel kuni, “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tadi. Javob o‘yini esa 13-aprel kuni, Madriddagi “Visente Kalderon” stadionida o‘tkaziladi.
Izoh (0)