O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan Ravon Nexia R3 avtomobilining Rossiya bozoridagi debyuti biroz kechiktiriladi, deb yozadi “Review.uz”. U avvalroq e’lon qilinganidek aprelda emas, yoz o‘rtalarida Rossiya bozorida sotuvga chiqadi.
“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi rasmiy xabariga ko‘ra, eski Nexia o‘rniga keladigan “T-250” modelidagi yangi avtomobilni seriyali ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish yakunlanmoqda. Uni seriyali ishlab chiqarish va eksport qilishni boshlash 2016-yil ikkinchi choragi oxiriga mo‘ljallangan.
“Auto.vesti.ru” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, ichki indeksi “T-250” bo‘lgan Ravon Nexia R3 avtomobili savdosi Rossiyada taxminan 2016-yil iyulida boshlanishi kerak.
GM Uzbekistan’ning asosan Rossiya bozori uchun mo‘ljallangan yangi brendi — Ravon’ning taqdimoti 2015-yil oktabrida Moskvada bo‘lib o‘tgan edi. Rossiya nashrlari 2016-yil bahoridan yangi Nexia Rossiya avtosalonlariga yetkazib berilishi haqida yozgandi.
Izoh (0)