Ispaniyaning “Atletiko” futbol klubi bosh murabbiyi Diyego Simeone jamoasi penaltilar seriyasi uchun alohida tayyorgarlik ko‘rmaganini ma’lum qildi. Bu haqda UEFA rasmiy sayti xabar bermoqda.
15-mart, seshanba kuni “Atletiko” Yevropa Chempionlar Ligasi nimchorak final javob uchrashuvi doirasida Gollandiyaning “PSV” jamoasini qabul qilib, raqibini penaltilar seriyasida mag‘lub etdi va chorak finalga yo‘l oldi.
“Men bellashuvni 4-3-3 sxemasi yordamida yutishga harakat qildim. Chorak finalga yo‘l olganimizdan xursandman. Yevropaning kuchli sakkiz jamoasi qatoriga kirish nima ekanligini yaxshi bilamiz va bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz”, — deydi Diyego Simeone.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, penaltilar seriyasida qaysi futbolchilar zarba berishini uning yordamchisi Herman Burgos hal qilgan: “O‘tgan yil ‘Bayer’ga qarshi o‘yindan so‘ng ham penaltilar seriyasidagi ketma-ketlikni Burgos aniqlagandi. Bugun o‘sha ishini davom ettirdi. Demak, uni tabriklash kerak bo‘ladi”.
“Qaysi jamoa xatoga yo‘l qo‘ysa, mag‘lub bo‘lishini tushunish qiyin emasdi. Hech kim xato qilmadi va o‘yin penaltilar seriyasiga qadar yetib bordi. Raqibimizga qoyil qolmasdan ilojim yo‘q. ‘PSV’ 5-3-2 sxemasida yaxshi o‘yin ko‘rsatdi”, — deb fikrini yakunladi madridliklar ustozi.
Izoh (0)