Suriya muxolifati hukumat qo‘shinlari 27-fevralga o‘tar kechasi amalga kirgan sulhni allaqachon buzishga ulgurgani haqida bayonot berdi. Bu haqda Meduza xabar qildi.
“Birinchi qirg‘oqbo‘yi diviziyasi” guruhi vakili Fadi Ahmadning Reuters’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, tinchlik o‘rnatilganidan bir necha soat o‘tib Bashar Asad qo‘shinlari Latakiya viloyatida “Ikkinchi qirg‘oqbo‘yi diviziyasi”ga hujum qilgan. Buning oqibatida isyonchilardan uch kishi halok bo‘lgan.
Latakiyada hukumat qo‘shinlari aviatsiya ko‘magisiz yer usti operatsiyasini o‘tkazgan.
Suriya rasmiy hukumati vakillari bu axborotga hozircha munosabat bildirmadi. Ofisi Londonda joylashgan Syrian Observatory for Human Rights tashkilotining bayon qilishicha, tinchlik o‘rnatilganining dastlabki soatlarida hech qaysi tomon o‘t ochmagan.
Oldinroq Suriyaning turli qismlarida o‘t ochishni to‘xtatish tartibi buzilishi holatlari kuzatilayotgan bo‘lsa-da, umuman olganda, bunga rioya etishga harakat qilinayotgani xabar berilgandi.
Izoh (0)