Dvigateldagi moyning past darajasi datchigi ishlab ketgani sabab 26-fevral kuni Toshkentda majburiy qo‘nishni amalga oshirgan AZUR air aviakompaniyasining Boeing-767-300 samolyoti hozircha “O‘zbekiston havo yo‘llari”dan texnik yordam so‘ragani yo‘q. Bu haqda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori birinchi o‘rinbosari Akmal Akbarov “Daryo”ga ma’lum qildi.
“AZUR air aviakompaniyasi samolyoti xalqaro qoidalarga muvofiq, Toshkent aeroportiga qo‘ndi. Hozircha aviakompaniya texnik yordam ko‘rsatishni so‘rab ‘O‘zbekiston havo yo‘llari’ga murojaat qilgani yo‘q”, — dedi Akmal Akbarov.Akmal Akbarovning qayd etishicha, AZUR air aviakompaniyasi Toshkent aeroportiga favqulodda qo‘ngan Boeing-767-300 samolyotidagi nosozlikni bartaraf etish uchun “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga murojaat qilishi yoki o‘z texnik mutaxassislarini Toshkentga yuborishi mumkin.
“Moskva — Pxuket (Tailand)” yo‘nalishida parvoz qilgan samolyot bortida 327 yo‘lovchi bo‘lgan. Rossiyaning G‘arbiy Sibir transport prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, AZUR air aviakompaniyasi yo‘lovchilarni Toshkent vaqti bilan 16:00 da manzilga yetkazish uchun ikkita zaxira Boeing-757-300 samolyotlarini ajratishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)