Toshkent shahrida 22-fevral, dushanba kuni havo harorati +23,4 darajagacha ko‘tarilib, meteorologik kuzatuvlarning 22-fevral tarixidagi 1895-yilda o‘rnatilgan rekordni yangiladi. Bu haqda, “O‘zgidromet” markaziga asoslanib, UZ24 xabar bermoqda.
22-fevral tarixidagi avvalgi rekord bundan 121 yil avval — 1895-yilda o‘rnatilgan bo‘lib, o‘shanda havo harorati 22,9 darajagacha ko‘tarilgan. Qayd etish joiz, 1895-yil fevralining ikkinchi yarmi iliq kelgan. “O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha yili 21-fevral kuni havo harorati +23,8 darajagacha ko‘tarilgan.
Avvalroq bir qator saytlarda, meteorologik kuzatuvlarning faqat 22-fevraldagi ma’lumotlariga asoslangan holda, Toshkent shahrida so‘nggi 110 yildagi eng iliq fevral kuzatilgani haqida axborot paydo bo‘lgandi. Ta’kidlash joiz, rekord iliq havo faqat bir kun — 22-fevralga aloqador va u 110 emas, 121 yillik rekorddir.
2016-yilning yanvar—fevral oylari favqulodda iliq keldi. Bungacha ham yanvar va fevral oylarining alohida kunlarida Toshkent, Termiz, Samarqand va Nukusda havo haroratining iliqligi bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatilgan edi.
Izoh (0)