Behayo mazmundagi foto va video materiallarning O‘zbekiston hududiga olib kirilishining oldini olish borasida respublika bojxonachilari tomonidan doimiy chora-tadbirlar olib borilmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati “Daryo”ga xabar bermoqda.
Jumladan, “Olot” chegara bojxona kompleksi orqali kirib kelgan yuk avtotransoprtining haydovchisi, eronlik J.Holid (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘zining uyali telefon apparati xotirasida pornografik, xususan voyaga yetmagan shaxslar ishtirokidagi behayo mazmundagi 3651 dona foto suratlar va 45 dona videolavhalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirayotgan paytda to‘xtatib qolindi.
Mazkur kompleks xodimlari turkmanistonlik J.Ismatjonovning ham qo‘l telefoni xotirasida pornografik mazmundagi 18 dona foto va 134 dona videolavhalarning olib kirilishiga chek qo‘ydi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temiryo‘l bojxona posti xodimlari tomonidan ham shu turdagi bir nechta qonunbuzarlik holatlarining oldi olindi.
Jumladan, Chelyabinsk—Toshkent yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchisi B.Asilov qo‘l yuklari orasidagi Lenovo nomli noutbuk xotirasida 372 dona behayo mazmundagi suratlarni yashirin tarzda olib kirishga uringani fosh etildi.
Xuddi shu yo‘nalishda kirib kelgan poyezdning yana bir yo‘lovchisi, rossiyalik S.Petrovning mobil telefoni xotirasida esa fahsh tasvirlangan 626 dona foto va 14 dona video materiallar borligi aniqlandi.
Toshkent—Moskva yo‘lovchi poyezdi bilan O‘zbekistonga kirib kelgan surxondaryolik A.Xidirovning qo‘l yuklari orasidagi 2 Tb xotiraga ega bo‘lgan tashqi xotira qurilmasida 121 ta pornografik mazmundagi fotosuratlar va videoroliklar borligi ma’lum bo‘ldi.
Huquqbuzarlar orasida ayollar ham bor. Jumladan, Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Do‘stlik” chegara bojxona kompleksi xodimlari tomonidan Qirg‘iziston Respublikasidan kirib kelgan fuqaro A.Zufarovaning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, unga tegishli bo‘lgan planshet xotirasida 57 dona behayolikni targ‘ib qiluvchi videolavhalar borligi aniqlangan.
Andijon aeroportida esa bojxonachilar Moskva—Andijon yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan fuqaro K.Shodiyevaga tegishli mobil telefonni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirganida, telefon xotirasiga behayolikni targ‘ib etuvchi videoroliklar joylanganligi ma’lum bo‘ldi.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan Moskva—Toshkent reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan F.Igorovaning qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan 1 dona smartfon yashirincha olib o‘tilayotganligi aniqlangan. Smartfon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda esa uning xotirasida 109 dona behayo mazmundagi videolavhalar borligi fosh bo‘ldi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona surishtiruvlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 10-oktabrdagi PF-1871-sonli Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasiga pornografik materiallarning olib kirilishi taqiqlangan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi bojxonachilari tomonidan 2015-yil davomida aniqlangan 226 ta bojxona qoidabuzarliklari holatlarida 6051 dona behayo mazumandagi materiallarning olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.
Izoh (0)