O‘zbekistonda 1-fevraldan yoshlar o‘rtasida foto, video, audio va matn ko‘rinishidagi ijod namunalarini ishlab chiqishga qaratilgan “E-yoshlar” respublika internet tanlovi boshlandi. Bu haqda tanlov saytida xabar berilgan.
Xabar berishlaricha, tanlov Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etilgan.
Tanlovda barcha qiziquvchilar ishtirok etish va ovoz berish huquqiga ega. Tanlov uch toifa — 5-15 yoshlilar, 15-25 yoshlilar va 25-30 yoshlilar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirokchilar matn (she’r, maqola, hikoya, ssenariy) yoki audio-video (qo‘shiq, qisqametrajli film, rolik, multfilm) mahsulotlari, ilmiy tadqiqot natijalari va boshqa ijod namunalari bilan ishtirok etishi mumkin.
Qabul qilingan ijod namunalari foydalanuvchilar tomonidan 2016-yil 1-apreldan 30-aprelgacha baholanadi va g‘oliblar aniqlanadi.
Har bir nominatsiya bo‘yicha sovrinli o‘rinlarni egallagan g‘oliblar diplom, pul mablag‘lari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Tanlov haqida barcha ma’lumotlarni www.e-yoshlar.uz saytidan olish mumkin.
Izoh (0)