Shimoliy Koreya 7-fevral, yakshanbaga o‘tar kechasi uzoq masofaga parvoz qiluvchi raketani uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya mudofaa vazirligiga tayanib, Reuters xabar bermoqda, deb yozadi “RBK”.
Ushbu ma’lumotni Yaponiya ham tasdiqladi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, parvoz mahalliy vaqt bilan 09:31 (Toshkent vaqti bilan 05:31)da Okinava yo‘nalishida amalga oshirilgan.
Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe raketaning uchirilishi “butunlay noma’qul” ekanligini aytdi. AQSh mudofaa vazirligi vakili Reuters’ga Vashington KXDR raketa uchirishi munosabati bilan “vaziyatni nazorat qilib turishi”ni ma’lum qildi.
Hodisa tufayli, AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya BMT Xavfsizlik Kengashi favqulodda majlisini o‘tkazish haqidagi so‘rov bilan chiqdi. Yig‘ilish 7-fevral, yakshanba kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da bo‘lib o‘tishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh razvedka muassasalari 7-fevral, yakshanba kuni Shimoliy Koreya raketa tashuvchisi sun’iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqishini taxmin qilgan edi.
Shimoliy Koreya BMTning tegishli agentliklarini 8—25-fevral kunlari oralig‘ida sun’iy yo‘ldosh uchirilishi haqida ogohlantirgan, biroq keyinroq muddat 7—14-fevralgacha bo‘lgan vaqtga ko‘chirilgan edi.
Izoh (0)