Toshkent ko‘chalarida GM Uzbekistan’ning yangi mahsuloti — T250 platformasi bazasidagi Ravon Nexia avtomobili sinovdan o‘tkazilmoqda. Buni tasdiqlovchi suratlar Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida e’lon qilingan.
Suratlarda kulrang va yorqin yashil rangli ikki Ravon Nexia’ni ko‘rish mumkin. Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasidan chiqib kelayotgan har ikkala mashinaning old tomoni qora, orqa tomoni esa oq va qora rangli matolar bilan himoyalangan.
Avtomobilning davlat raqam belgisi o‘rnatiladigan qismida TAJRIBA yozuvi tushirilgan peshlavha bor. Avvalroq xuddi shunday himoyalangan, yorqin yashil rangli Ravon Nexia Andijon ko‘chalarida sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Ravon Nexia’ning taqdimoti 2015-yil oktabrida bo‘lib o‘tgandi. Model 2016-yil bahoridan Rossiyadagi avtosalonlarga yetkazib berilishi haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Izoh (0)