SpaceX xususiy kosmik kompaniyasiga tegishli Falcon 9 raketa tashuvchisining birinchi bosqichi okeandagi platformaga muvaffaqiyatli qo‘nolmadi. Meduza’ning yozishicha, SpaceX kompaniyasi Falcon 9 ni uchinchi marta okeanga qo‘ndirishga urinib ko‘rdi.
SpaceX asoschisi Ilon Maskning ma’lum qilishicha, tayanchlaridan biridagi nosozlik sabab, modul o‘zini mustahkam tik holatda saqlab qola olmagan.
Avvalroq kompaniya raketa tashuvchining birinchi bosqichini quruqlikdagi maxsus tayyorlangan maydonchaga qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgandi. SpaceX’ning rejasiga ko‘ra, raketaning birinchi bosqichini qo‘ndirgandan so‘ng, undan qayta foydalanish va shu yo‘l yuklar va odamlarni fazoga olib chiqish bo‘yicha xarajatlarni sezilarli qisqartirish mumkin.
https://www.youtube.com/watch?v=ecLdz1p-_Rw
Mazkur parvozdan ko‘zlangan asosiy maqsad NASA buyurtmasiga asosan Jason-3 sun’iy yo‘ldoshini harakatga keltirishdan iborat edi. Sun’iy yo‘ldosh belgilangan orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqildi.
SpaceX kompaniyasi Falcon 9 ning birinchi bosqichini 2015-yil 22-dekabr kuni quruqlikka muvaffaqiyatli qo‘ndirgan edi.
Bungacha Amazon asoschisi Jeff Bezosga tegishli Blue Origin kompaniyasi dvigatelli raketa modulini qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgandi. Biroq, Falcon 9 dan farqli ravishda, bu fazoviy kema faqat sayyohlik maqsadlariga va suborbital parvozlarga mo‘ljallangan.
Izoh (0)