O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 4-yanvar kuni Dubayda Xitoyga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi va mag‘lubiyatga uchradi. Bu haqda “Uff.uz” xabar beradi.
Uchrashuvda xitoylik olimpiyachilar ikkita gol urdi. Dastlab birinchi bo‘limda (30-daqiqa) Xiye Pengfei hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda (78-daqiqa) Lui Bin Bin jamoasining ikkinchi golini kiritdi.
Samvel Babayan boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tayyorgarlik doirasida, shuningdek, Iordaniya olimpiya terma jamoasiga qarshi nazorat o‘yini o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur o‘yindan keyin o‘zbekistonlik sportchilar Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun Qatar poytaxti Doha shahriga uchib ketadi.
Osiyo chempionatini O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 13-yanvar kuni Janubiy Koreya termasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.
Izoh (0)