“Gazprom” 2016-yildan boshlab O‘zbekiston gazini xarid qilish hajmini oshiradi. Bu haqda Rossiyaning gaz xoldingi boshqaruvi raisi Aleksey Miller jurnalistlarga ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
“Ha, tasdiqlayman. Biz o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan muzokaralarda erishilgan natijalarni yuqori baholaymiz. O‘zbekiston — gaz sohasida bizning ishonchli sherigimiz va biz o‘zaro manfaatli hamkorligimizni bundan buyon ham rivojlantirishda davom etamiz”, — dedi u.
Oldinroq “Gazprom”dagi manba Rossiya 2016-yilda O‘zbekistondan xarid qiladigan gaz hajmi Turkmaniston o‘tgan yili yetkazib berganiga (3,1 milliard kub metr) nisbatan ko‘p bo‘lishini ma’lum qilgandi. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston gaz qazib oluvchi dunyodagi eng yirik davlatlar o‘nligiga kiradi (yiliga 63—65 milliard kub metr gaz), MDH davlatlari orasida esa uchinchi o‘rinni egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Gazprom” 2016-yilda Turkmaniston gazini xarid qilishdan bosh tortgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)