Samvel Babayan bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi U-23 yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidan oldingi so‘nggi tayyorgarlik bosqichini o‘tkazish uchun BAAning Dubay shahriga uchib ketdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi 2-yanvar kuni ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 12-yanvar kuni Qatarda start oladigan Osiyo chempionati final bosqichi “C” guruhida Janubiy Koreya, Iroq hamda Yaman U-23 terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Dubay shahridagi yig‘in O‘zbekiston U-23 terma jamoasi uchun Osiyo chempionatidan oldingi so‘nggi tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘taydi. Dubaydagi yig‘in yakunlangach O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Qatar poytaxti Doha shahriga yo‘l oladi.
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Osiyo chempionati bahslarini 13-yanvar kuni Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi guruh bosqichidagi ikkinchi o‘yinini 16-yanvar kuni Iroq olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazsa, so‘nggi turda Samvel Babayan bosh murabbiyligidagi terma jamoa Yamanga qarshi maydonga tushadi.
Ta’kidlash joiz, ushbu Osiyo chempionati Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan yozgi olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi turnir hisoblanib, Osiyo chempionatida dastlabki uchta o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Oldinroq mazkur OChda ishtirok etadigan O‘zbekiston olimpiya termasining tarkibi e’lon qilingandi.
Izoh (0)