“Real” (Madrid) hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘z sha’niga bo‘layotgan tanqidlarga munosabatini bildirib o‘tdi. Bu haqda “Stadion.uz” xabar bermoqda.
“Sen haqingda kim qanday fikrda ekanini o‘ylab yashash kerak emas. Bunday ahvolda yashashning iloji yo‘q. Bu dunyoda barcha birdek baxtli yashay olmaydi.
Meni yomon ko‘radigan, manman va o‘zini katta oladigan inson deb hisoblaydigan odamlar bor. Bu mening omadimning bir qismi. Vijdonim toza va xotirjam uxlayman. Insonlarga yaxshilik qilganimda, o‘zimni yaxshi his qilaman. Bu kichik yoki muhim narsa bo‘ladimi, buning farqi yo‘q. Ota bo‘lganimdan keyin hayotga boshqacharoq qaray boshladim.
Men bosimni ko‘tara olaman, boisi, qiyinchilikda katta bo‘lganman. Nimagaki erishgan bo‘lsam, oilasiz o‘sgan qiyin davrlarni yengib o‘tish orqali erishdim. 11 yoshimda kiyimlarimni o‘zim dazmol qilganman. Menda kuchli ruhiyat o‘sha paytda paydo bo‘lgan. Futboldagi faoliyatimni yakunlaganimdan keyin qirollardek yashashni istayman. O‘zim istagan ishlarni qilib, rohatlanib hayot kechirish uchun menda vaqt bo‘ladi”, — deydi Ronaldu.