Yaman prezidenti Abd-Rabbu Mansur Hodi Saudiya Arabiston boshchiligidagi koalitsiyani 2015-yil 15-dekabrdan boshlab o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi rejadan xabardor qilganligini BMT Bosh kotibi Pan Gi Munga ma’lum qildi. Bu haqda “Kommersant.ru” xabar qilmoqda.
“Men koalitsiya rahbariyatiga biz 15-dekabrdan 21-dekabrgacha bo‘lgan muddatga, ya’ni yetti kunga sulh tuzmoqchi ekanligimizni xabar qildim”, ― dedi Mansur Hodi. Uning fikricha, yetti kunlik o‘t ochishni to‘xtatish muddati qarshi taraf rioya qilsa uzaytirilishi mumkin.
Eslatib o'tamiz, Yamanda nizolashayotgan taraflarning dekabr oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan tinchlik yo‘lidagi muzokaralari bekor bo‘lishi xavfi bor. Mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilish imkoniyatini yo‘qotgan prezident tarafdorlari va hukumatni ishg‘ol qilgan “Ansor Alloh” harakatining isyonchi-xusiychilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga IShID terrorchilik guruhi kelib qo‘shilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yil 6-dekabr kuni Yamanning Adan viloyati gubernatori Ja’far Muhammad Saad o‘qqa tutib o‘ldirilgan edi.
Izoh (0)