Toshkent shahrida 1-dekabr, seshanba kuni soat 11:14 da kuchsiz yerosti silkinishlari sezildi. Bu haqda “Toshkent” markaziy seysmostansiyasi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Zilzila epitsentri Toshkent shahridan 350 kilometr sharqda, Qirg‘iziston hududida joylashgan. Yerosti silkinishlari magnitudasi epitsentrda 5,5 ni tashkil etgan.
Zilzila kuchi Toshkent va Farg‘ona shaharlarida Rixter shkalasi bo‘yicha 2 ballni, Andijon shahrida esa 2,5 ballni tashkil etdi.
Ma’lumot uchun, noyabr oyi davomida Qirg‘iziston va Afg‘oniston hududida yuz bergan zilzilalarning aksariyati O‘zbekiston hududida ham sezildi.
Jumladan, Toshkentda 17-noyabr kuni 22:29 da 2,5—3 balli, 20-noyabr kuni 9:46 da esa 2 balli, 21-noyabr kuni 5:16 da 2 balli, 22-noyabr kuni soat 23:16 da 1—2 balli, 25-noyabr kuni soat 21:45 da Andijonda 2 balli zilzilalar sezildi.
Avvalroq O‘zbekiston Seysmologiya instituti Toshkent shahrida 10 balli yer silkinishi sodir bo‘lishi haqidagi mish-mishlarni rad etib chiqqandi. Bundan tashqari, 2015 yil oxirigacha O‘zbekistonda zilzilalar haqida tezkorlik bilan ma’lumot beruvchi seysmostansiyalar tarmog‘i tashkil etilishi ma’lum qilingan.
Izoh (0)