30-noyabr kuni Aloqa tarixi muzeyida O‘zbekistonda keng polosali internetga ulanish holati va rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi, deya xabar bermoqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.
Unda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatda Internetga keng polosali ulanish tarmoqlari va turli axborot resurslarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2013-yilda tasdiqlangan 2013—2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturi keng polosali ulanishni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dastur o‘zida umumiy summasi 883,7 million dollardan iborat 9 ta yirik investitsiya loyihalarini jamlagan, ular orasida quyidagi loyihalar mavjud:
- mobil aloqa tarmoqlarini, xususan, HSPA+, 4G LTE texnologiyalarini rivojlantirish;
- statsionar va simsiz keng polosali ulanish tarmoqlarini kengaytirish;
- ma’lumotlar uzatish magistral va multiservis tarmoqlarini kengaytirish, optik tolali aloqa liniyalarini qurish;
- multimedia xizmatlarining yangi turlarini joriy etish va kontentni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish.
Bundan tashqari, loyihalar 20 dan ortiq yangi xizmat turlari joriy etilishi, jumladan, IP-televideniya, IP-telefoniya va boshqa xizmatlar yanada rivojlanishiga turtki berishi nazarda tutilgan.
Izoh (0)