Mali poytaxti Bamakoda jangarilar tomonidan egallab olingan mehmonxonani mamlakat qurolli kuchlari shturm qilishi davomida garovga olinganlarning 80 nafari ozod etildi. Bu haqda, Mali davlat televideniyesiga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
20-noyabr, juma kuni 10 ga yaqin jangari Mali poytaxti markazida joylashgan Radisson Blu mehmonxonasiga hujum qilib, 170 kishini — 140 mehmon va 30 nafar mehmonxona xodimini garovga oldi. Xavfsizlik kuchlari 190 xonasi bor mehmonxonani qurshab olgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terrorchilar hujumi oqibatida uch kishi — bir fransuz va ikki nafar Mali fuqarosi halok bo‘lgan (avvalroq to‘qqiz kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi). Garovga olinganlar orasida Turkish Airlines xodimlari, kamida 15 nafar hindistonlik, Xitoyning 10 ga yaqin fuqarosi, Fransiya fuqarolari bo‘lishi mumkin.
Bamakodagi voqealar sabab Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta Chaddagi G5 Sahel sammitidagi ishtirokini muddatidan avval to‘xtatib, Maliga qaytadi.
Izoh (0)