“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining hamkorlari tarmog‘idagi ishlar davom etmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati 31-oktabr kuni ma’lum qildi.
“‘O‘zbektelekom’ AK hamkorlari tarmog‘ida ishlar olib borilishi munosabati bilan 2015-yil 30-noyabrga qadar taqdim etilayotgan internet xizmatlari sifati pasayishi mumkin”, — deyiladi kompaniya xabarida.
O‘z navbatida, O‘zbekiston bozoridagi boshqa yirik internet-provayderlar, xususan, Sarkor Telecom, TPS va Sharq Telekom kompaniyalari “O‘zbektelekom”ga asoslanib 1—30-noyabr kunlari internet sifati pasayishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Internet-provayderlarning qariyb barchasi yuzaga kelayotgan “vaqtinchalik noqulaylik uchun” “O‘zbektelekom” kompaniyasi uzr so‘rayotganini alohida qayd etib o‘tgan.
Qayd etish joiz, “O‘zbektelekom” kompaniyasi 2-sentabr kuni o‘z “hamkorlari tarmog‘ida olib borilayotgan ishlar” internet sifati 1-oktabrga qadar, 12-oktabr kuni esa 31-oktabrga qadar yomonlashishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
Ma’lumot uchun, “O‘zbektelekom” O‘zbekistondagi eng yirik telekommunikatsiya operatori bo‘lib, u mamlakatdagi internet-provayderlar va mobil aloqa operatorlariga internet-kanallarni ijaraga beradi, internet tarmog‘idan foydalanish xizmatlarini taqdim etadi.
Izoh (0)