Misrda qulagan Airbus 321 layneri qurbonlari xotirasiga 1-noyabr, yakshanba Rossiyada umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi. Meduza xabariga ko‘ra, tegishli farmon Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan.
Motam kunida butun Rossiya bo‘ylab davlat bayrog‘i tushirib qo‘yiladi.
Rossiya prezidenti farmonida madaniyat muassasalari va teleradiokompaniyalarga ko‘ngilochar tadbirlarni bekor qilish tavsiya etilgan. Hukumatga esa halok bo‘lganlarning oilalariga yordam ko‘rsatish haqida ko‘rsatma berilgan.
Metrojet (“Kogalimavia”) aviakompaniyasining Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan Airbus 321 samolyoti 31-oktabr, shanba kuni havoga ko‘tarilganidan 23 daqiqa o‘tib quladi. Layner bortida 224 kishi bo‘lgan. Hodisa joyida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 100 ga yaqin qurbonning jasadi topilgan.
Airbus 321’ning bo‘laklari Sinay yarimoroli shimolidan topildi. Misr ma’muriyatining taxminicha, aviahalokatga texnik nosozliklar sabab bo‘lgan.
Izoh (0)